Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda “Raqamlashtirish davrida ommaviy axborot vositalari erkinligi” mavzusida davra suhbatini tashkil etdi.

Davra suhbati doirasida ishtirokchilar jurnalistika sohasida sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlari va bu borada yuzaga keladigan xavflarni tahlil qildi.

Ma’lumki, bugungi kunda sun’iy intellekt, raqamlashtirish jamiyat hayotiga faol kirib kelmoqda. Soha rivojini bu ikki jabhalarsiz tasavvur etish mumkin bo‘lmay qoldi.

Davra suhbatining asosiy xulosalaridan biri shu bo‘ldiki,  jurnalistikada sun’iy intellektdan foydalanishda, jumladan, faktlarni tekshirishda shaffoflik va javobgarlik muhimdir.

Ekspertlar fikricha, jurnalistikaning ishonchliligi, aniqligi va mustaqilligini ta’minlash yo‘lida sun’iy intellektdan samarali foydalanish, o‘z navbatida avtomatlashtirish va inson roli o‘rtasidagi muvozanatni talab qiladi.

Davra suhbati yakuni bo‘yicha tegishli taklif va xulosalar bildirildi.

N.Usmonova, O‘zA