O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda “Madaniy merosni asrash bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?” mavzusida ovozli chat bo‘lib o‘tdi.
Unda agentlik boshqarma boshlig‘i Otabek Ravshanov hamda Axborot xizmati rahbari Mohinur Imomovalar kuzatuvchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
– Madaniy meros ob’ektlarini ta’mirlash xususida gapirib o‘tsangiz. Misol uchun 2022 yilda qancha ob’ektlar ta’mirlandi?
– So‘nggi yillarda madaniy meros sohasini rivojlantirish uchun davlat byudjetidan salmoqli mablag‘lar ajratilmoqda. Birgina o‘tgan 2022 yil haqida aytadigan bo‘lsak, 72 ta ob’ektni ta’mirlash uchun 144 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Shundan 65 milliard so‘mlik asrashga doir ishlar amalga oshirilgan.
Ta’mirlanadigan ob’ektlarni bir yil oldin xatlovdan o‘tkazib, manzilli ro‘yxatini shakllantirib boramiz. O‘tgan yili 72 ta ob’ekt ro‘yxatga olingan bo‘lsa, bu yil mazkur ob’ektlar soni 158 taga oshdi. 158 ta ob’ekt uchun joriy yilda 150 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Biz hududlar miqyosida restavratsiya, konservatsiya ishlarini olib boramiz, – deydi Otabek Ravshanov.
– Madaniy meros ob’ektlari hududida noqonuniy qurilishlar qurishning oldini olish masalasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Bugungi kunda madaniy meros hududlarida noqonuniy qurilishlar natijasida ob’ektga zarar yetkazish holatlari uchrab turibdi. Madaniy meros sohasining tartib-taomillari bor. Ayrim fuqarolarimiz buni bilib yoki bilmasdan buzib qo‘ygan holatlar bo‘lyapti.
Samarqand, Buxoro, Xorazm viloyatlarida tarixiy hududlarimiz ko‘p. Mazkur hududlarda har qanday qurilish, obodonlashtirish ishlari madaniy meros agentligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Agentligimiz qoshida ilmiy ekspertlar kengashi mavjud bo‘lib, ob’ektlarda “bufer zona” degan atamalarimiz bor. “Bufer zona”larda qurilish ishlarini madaniy meros agentligining ilmiy ekspert kengashini xulosasi asosida amalga oshirish lozim. Agar kengash rad etsa, demak mumkin emas.
Agentligimiz qoshida madaniy meros sohasini nazorat qiluvchi bo‘lim mavjud. Ushbu bo‘lim xodimlari aynan noqonuniy qurilishlar, madaniy meros ob’ektlariga yetkazilgan zarar bo‘yicha doimiy monitoring olib boradi.
Suhbat davomida Mohinur Imomova ham hamkasbining fikrlariga qo‘shimcha tarzda madaniy meros ob’ektlariga hozirgi kunda zarar yetkazgan shaxslar uchun qanday jazo choralari qo‘llanilishi haqida o‘z mulohazalarini bildirib o‘tdi.
– Hozirgi kunda madaniy meros ob’ektlari 8209 tani tashkil qiladigan bo‘lsa, ular guruhlarga bo‘lingan, –deydi M.Imomova. – Bular YUNESKOning umumjahon meros ro‘yxatiga kiritilgan, respublika hamda mahalliy ahamiyatga ega ob’ektlar hisoblanadi. Vazirlar Mahkamasining “Moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan madaniy meros ob’ektlarini muhofaza hududi belgilangan. Umumjahon ahamiyatga ega bo‘lgan ob’ektlarning muhofaza hududi ushbu ob’ektdan keyin 300 metr, respublika ahamiyatdagi ob’ektlar 100 metr, mahalliy ob’ektlar 50 metr masofa “bufer”, ya’ni himoya hududi hisoblanadi.
Ushbu hududdagi barcha qurilish, obodonlashtirish kabi ishlar agentligimiz huzuridagi ilmiy ekspertiza kengashi bilan birgalikda amalga oshiriladi.
2022 yil davomida agentligimiz huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar bilan hamkorlikda olib borgan monitoring natijalariga ko‘ra 74 ta noqonuniy qurilishlar, ya’ni ob’ektlarga zarar yetkazilganligi aniqlangan.
2022 yil 16 fevralda jinoyat kodeksi hamda ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga aynan madaniy meros ob’ektlariga zarar yetkazgan shaxslar uchun javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risida normalar kiritildi. Mazkur normalarda davlat muhofazasidagi ob’ektlarga zarar yetkazgan shaxslarga nisbatan 3 yildan 5 yilgacha qamoq jazosi bo‘yicha chora ko‘rish belgilab qo‘yilgan.
N.Rahmonova, A. Sodiqov (video), O‘zA