Bugun mamlakatimizda bo‘lib o‘tayotgan Prezident saylovini 800 ga yaqin xalqaro kuzatuvchi bevosita kuzatib bormoqda. Ular saylov uchastkalarida bo‘lib, tayyorgarlik va ovoz berish jarayonlarini, fuqarolarning ishtirokini kuzatishmoqda.
Qozog‘istondan tashrif buyurgan kuzatuvchi Faxriddin Karatayev O‘zA muxbiriga saylov jarayonlari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
— O‘zbekistonda bo‘layotgan bugungi jarayon butun O‘rta Osiyo xalqlarini, xususan, Qozog‘iston xalqini ham befarq qoldirmayapti. Bugun ertalabdan poytaxtdagi bir nechta saylov uchastkasida bo‘ldim. U yerda saylovchilarning kelishini, kayfiyatini ko‘rib xursand bo‘ldim. Odamlar farzandlari, nevaralari bilan birga kelib, saylovda ishtirok etmoqda. Saylovchilarning bir-biriga iliqligi, kelajakka ishonchini ko‘rib quvonyapmiz. Saylovga tayyorgarlik va targ‘ibot ishlari juda yaxshi tashkil etilgan.
2016 yildan buyon O‘zbekistondagi saylovlarda ishtirok etaman. Yildan-yilga saylovlarning nufuzi ortayotganini ko‘rib, guvohi bo‘lyapmiz. Xorijiy kuzatuvchilar ham bu yerdagi tashkillashtirish ishlaridan o‘zlariga namuna olishyapti, o‘rganishyapti.
Shuni ta’kidlashim kerakki, O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlarining oldiga qo‘ygan maqsadlari ikkala xalqni bir-biriga yaqinlashtirib, kelajakdagi aloqalarimizni yanada kengaytiradi, mustahkamlaydi.
Muhtarama Komilova, O‘zA