Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova Turkiya Bosh Ombudsmani Sheref Malkoch hamda «Turkiya-O‘zbekiston» parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari Osman Mesten bilan uchrashdi.

Sh.Malkoch mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarni yuqori baholadi. Bugungi kunda Turkiya – O‘zbekiston munosabatlarining mustahkamlanib borayotgan e’tiborga sazovor ekanini qayd etdi.

Yangi Konstitutsiyaning qabul qilinishida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan takliflar bildirilgani va ularning aksariyati qabul qilingani e’tirof etildi va bunday tashabbus Turkiya Ombudsmanida yo‘q ekanligi ta’kidlandi.

O‘zaro muloqot davomida inson huquqlarini ta’minlash yo‘nalishida  O‘zbekiston va Turkiya Ombudsmanlarining murojaatlarni ko‘rib chiqish va o‘zaro tajriba almashish borasidagi hamkorligi mustahkamlanib borayotganiga e’tibor qaratildi.

F.Eshmatova inson huquqlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar, fuqarolarning murojaatlariga vaqtida e’tibor qaratish, jazoni ijro etish muassasalariga amalga oshirilayotgan monitoring tashriflari o‘z natijasini berayotganini qayd etdi. Saylovda inson huquqlari ta’minlanishi, ovoz berishi mumkin bo‘lgan mahkumlarga zarur sharoit yaratilgani aytib o‘tildi.

Mehmonlar Turkiyada bo‘lib o‘tgan Prezidentlik saylovida  saylovchilarga yaratilgan sharoitlar va jarayonlarning ochiq yoritilib borilgani bo‘yicha o‘z tajribasi bilan bo‘lishdi.

Uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlikni davom ettirish  bo‘yicha fikr almashdi.

 

N.Abduraimova, O‘zA