Bu haqda “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” xalqaro anjumani doirasida o‘tgan “Xalqaro mehnat bozorining globallashuvi jarayonida O‘zbekistonning o‘rni va istiqbollari” panel sessiyasida ma’lum qilindi.

Insoniyatning butun taraqqiyoti davomida migratsion jarayonlar jahonning demografik manzarasi shakllanishida muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Demografik ko‘rsatkichlar esa an’anaviy ravishda xalqaro migratsiyaning kengayishiga sabab bo‘lgan.

Tashki mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan tadbirda hozirgi kunda migratsiya jahon hamjamiyatini xavotirga solayotgan dolzarb muammolarning biriga aylangani ta’kidlandi. Migratsiya muammolari kishilik jamiyati shakllangandan buyon mavjud va o‘tmishda migratsiyani vujudga keltirgan omillar ayni kunlarda ham saqlanib turibdi.

Bejizga 2000 yil 4 dekabr BMT Bosh Assambleyasi 18 dekabrni – Xalqaro migrantlar kuni, deb e’lon qilinmagan. 1990 yil xuddi shu kuni Bosh Assambleya tomonidan “Barcha mehnatkash migrantlar va ularning oila a’zolarining huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi xalqaro konvensiya ham qabul qilingan.

Yig‘ilishda bugungi globallashuv jarayonida migratsiya masalasi dunyo miqyosida barqaror rivojlanishni ta’minlashning dolzarb vazifalaridan biriga aylangani alohida qayd etildi. Statistikaga ko‘ra, 2022 yilda 280 milliondan ziyod kishi xalqaro migrant deb e’tirof etilgan. Bu ko‘rsatkich dunyo aholisining 3,6 foizini tashkil qiladi.

Ishtirokchilar, shuningdek, shu kunlarda dunyo bo‘ylab 70 million majburiy ko‘chirilgan migrant, jumladan, 26 million qochqin, 3,5 million boshpana izlovchi, 41 milliondan ziyod ichki ko‘chirilgan shaxslar borligiga e’tiborini qaratdi.

Ayollar migrantlar umumiy sonining 48 foizini tashkil etmoqda. Muhojirlarning 38 millionga yaqini bola, 4,4 million nafari xalqaro talaba va 164 million nafari esa mehnat muhojirlar ekani ma’lum bo‘ldi.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA