Bu yil kartoshka arzon bo‘ladi...mi?

2019–2022-yillarda har yili 12500 tonna elita kartoshka urug‘ini import qilish va kartoshkani biotexnologik usulda vitro sharoitida yetishtirish rejalashtirilmoqda.
Kartoshka yetishtiruvchilar uyushmasidan O‘zAga ma’lum qilishlaricha, bu yil mamlakatimizda kartoshka yetishtirish uchun 74 ming 175 gektar maydon ajratilgan. Kartoshka yetishtirishga ixtisoslashtirilgan tumanlardagi fermer xo‘jaliklariga 40000 tonna urug‘lik kartoshka impor qilinadi.
Hozirda mamlakatimizda kartoshkaning ertapishar navlaridan – latona, fresko, red skarlet; o‘rtagi ertagi navlardan – kondor, marfona, romano, kuroda, sante; o‘rtapishar navlardan – umid-2, aladin, arinda, arnova; o‘rtagi kechki – mondial, diamant, pikasso kabi navlar ekiladi. Ularning ekish muddatlari viloyatlarning tuproq iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, shu kunga qadar aholining kartoshkaga bo‘lgan talabining asosiy qismi tomorqalarida yetishtirilgan yoki chet davlatlardan import qilingan hosil evaziga qoplangan. Bu esa ichki bozorda narx-navoning oshishiga, kasallik va zararkunandalarning ko‘payishiga, mahsulotlarning standart talablariga mos kelmasligiga turli xildagi reproduktiv navlarning ekilishi natijasida hosildorlikka ta’sir etgan.
Prezidentimizning qarori asosida Kartoshka yetishtiruvchilar uyushmasining tashkil etilishi yurtimizda yuqori hosilli urug‘lik kartoshka bilan ichki bozorni to‘ldirish, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurash, hosilni saqlash va qayta ishlash, nav tozaligi va urug‘likni standart talablariga mosligini ta’minlaydi.
Kartoshkachilikni rivojlantirish maqsadida Qo‘rg‘ontepa tumani, Shahrisabz, Kitob, Yangiqo‘rg‘on, Bulung‘ur, Zomin, Baxmal, Bo‘stonliq va So‘x tumanlari kelgusida urug‘lik kartoshka yetishtirishga ixtisoslashtiriladi.
Shuningdek, Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Jizzax, Farg‘ona viloyatlarida kartoshkachilik markazi, O‘simliklar texnologiyasi va Invitro laboratoriyalarini tashkil etish tadbirlari boshlab yuborildi.

 

Sayyora Shoyeva, O‘zA