Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan madaniy haftalik, konferensiyalar qoshida tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” xalqaro anjumani – “Samarali migratsiya siyosati: xorijdagi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash” panel sessiyada nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, mutaxassislar ham ishtirok etdi.

Tadbirda, jumladan,“Eurodas” tashkiloti rahbari Roman Xolenkov, “Japan Regio Sahou Association” kompaniyasi prezidenti Norio Amemiya, “United Business Clubs” assotsiatsiyasi prezidenti Veselin Xolachov so‘zga chiqib, mazkur sessiyalar noqonuniy tashqi mehnat migratsiyasi va odam savdosiga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish mexanizmini birgalikda yaratish imkonini berishini ta’kidladi.

Mehnat migrantlarini moliyaviy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash amaliyotini kengaytirish tashabbusi ilgari surildi. Mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni reintegratsiya qilish, ularning bandligini ta’minlash, kasbiy malakasini oshirish va tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish muhim, degan fikrlar bildirildi.

Veselin Xolachov “O‘zbekiston – Bolgariya – O‘zbekistondan Yevropaga ishchi kuchi harakatchanligi uchun tabiiy ko‘prik” mavzusida ma’ruza qilib, mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish, Bolgariya korxonalaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga, xususan, mehmonxona, tibbiyot, haydovchilik, logistika va xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarishning boshqa sohalariga O‘zbekiston fuqarolarini tashkiliy tarzda ishga jalb etishni yanada kengaytirish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

Yig‘ilishda tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi muammolar ham tilga olindi. Mamlakatlarda mahalliy ishchi kuchiga bo‘lgan talab kamayishi va ishsizlik muammosi kuchayishi xususida so‘z borar ekan, oldimizda muhojirlarning integratsiyalashuvi va moslashishi kabi qiyinchiliklarni bartaraf etish masalasi turgani qayd etildi. Shunday jarayonda xalqaro tashkilotlar birlashuvi, yirik anjumanlar tashkil etish orqali fuqarolarimiz huquq va erkinligini ta’minlashga yanada ko‘proq harakat qilish lozimligi aytib o‘tildi.

– Bugungi kunda migratsiya oshishi, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy hamda aholi farovonligini oshirish va barqaror rivojlanishga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi iqlim va harorat keskin o‘zgarishi, suv resurslari kamayishi, tabiiy ofatlar ko‘payishi va qishloq xo‘jaligi unumdorligi pasayishi kabi omillar bilan bog‘liq. Ushbu omillar, ayniqsa, aholining eng zaif qatlamlariga ko‘proq ta’sir ko‘rsatishii tabiiy, – deya fikr bildirdi “World Workers Ltd” kompaniyasi Bosh direktori Jani Xavunun.

Taqdimot chog‘ida, shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining “Mehnatkash-migrantlar to‘g‘risida”gi 97-sonli Konvensiyasini O‘zbekistonda ratifikatsiya qilish bo‘yicha ish olib borilayotgani ochiqlandi.

Sessiya yakunida xorijiy ish beruvchilar bilan hamkorlik memorandumni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Lyuksemburg, Litva va Germaniyaning 6 ta ish beruvchi kompaniyasi bilan memorandumlar imzoladi.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA