Oq uy AQSHning bir guruh sobiq yuqori martabali amaldorlari Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan Ukraina ziddiyati yuzasidan norasmiy muzokara o‘tkazganini tasdiqladi.

Milliy xavfsizlik kengashi strategik aloqalar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Jon Kirbi “CBS News” telekanaliga bergan intervyusida shu mavzu bo‘yicha tegishli xabarlarga izoh berdi.

– Shuni aytmoqchimanki, ayni munozaralar biz tomonimizdan rag‘batlantirilmagan va bu xususda tashbbus ko‘rsatilmagan, qandaydir faol shaklda qo‘llab-quvvatlanmagan ham, – dedi Kirbi. – Prezident Jo Bayden aytganidek, Ukrainasiz Ukraina masalasida muzokara o‘tkazilmaydi.

AQSH Davlat departamenti vakilining “Reuters” agentligi orqali bergan bayonotida “Bayden ma’muriyati bunday muhokamalarga ruxsat bermagani” aytiladi.

“NBC News” telekanalining olti manbadan olingan ma’lumotiga ko‘ra, aprelda BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi paytida Lavrov bir necha soat davomida amerikalik ekspertlar bilan suhbatlashgan. Jurnalistlar aytishicha, uchrashuvda Amerika tomonidan sobiq diplomat Richard Xaas, Jorjtaun universiteti professori Charlz Kupchan va Yel universitetining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Yevrosiyoni o‘rganish dasturi hamraisi Tomas Grem qatnashgan. Boshqa manbalar tasdiqlashicha, muhokamada Pentagonning sobiq rahbari yordamchisi Meri Bet Long ham ishtirok etgan.

Muzokarada Rossiya tomonidan olimlar, yirik tahliliy markazlar va tadqiqotlar institutlari rahbarlari hamda mamlakat tashqi siyosati sohasining boshqa vakillari ishtirok etgan, deya qayd etishgan jurnalistlar suhbatdoshlari.

Ukraina Prezidenti devoni rasmiy vakili manbasi ochiqlanmagan xabarlarni sharhlamasligi, Kiyevning bu xususdagi qarashi o‘zgarishsiz qolayotganini aytdi.

– Ukraina taqdiri Ukrainasiz hal etilishi mumkin emas, – dedi u. – Davlatimiz rahbari va boshqa rasmiylarimiz bu haqda ko‘p gapirishgan. Ular o‘z nomini yashirmasdan, ochiq-oydin bayonot berishgan.