Kuni kecha Markaziy saylov komissiyasida muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarini kuzatib borish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurgan Hindiston delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Unda MSK raisi o‘rinbosari B.Qo‘chqorov, komissiya a’zosi G.Rahimova, shuningdek, Hindiston saylov komissiyasi saylov komissari Pandey Anup Chandra va Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabxatlar ishtirok etishdi.

Dastur avvalida delegatsiya a’zolariga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Kuzatuvchilar tomonidan saylovchilarning saylovga oid axborotlar bilan yuqori saviyada ta’minlanganligi, bir qator saylov uchastkalarida biometrik-identifikatsiya qurilmalaridan tajriba-sinov tariqasida foydalanish yo‘lga qo‘yilganligi alohida e’tirof etildi.

Ta’kidlash joiz, xalqaro tashkilotlardan va xorijiy mamlakatlardan tashrif buyuruvchi kuzatuvchilar missiyalari 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini kuzatib boradi.

 

O‘zA