Bugun, 7 iyul madaniy meros haftaligining so‘nggi kuni. Ilk sessiya “Barqaror iqtisodiy taraqqiyot: dolzarb masalalar” mavzusiga bag‘ishlandi.

Nufuzli xalqaro moliya va ilmiy-tadqiqot institutlari hamda konsalting kompaniyalari vakillari ishtirok etayotgan yig‘ilishda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning muhim yo‘nalishlari haqida fikr yuritilmoqda.

Sessiyada O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhom Norqulov, Singapur xalqaro hamkorlik tashkiloti ijrochi direktori Kong Vay Mun, Jahon Bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqalari bo‘yicha katta iqtisodchisi – Pinar Yashar, Ruminiya Raqobat tashkiloti prezidenti Bogdan Kiritsoyu nutq so‘zladi.

Anjuman avvalida sessiya moderatori Stiven Koul ishtirokchilarga bugungi kunda jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan murakkablik, mazkur sharoitda O‘zbekiston iqtisodiyotida erishilayotgan natijalar to‘g‘risida axborot taqdim etdi.

Dasturga muvofiq, vazir o‘rinbosari Ilhom Norqulov yurtimizda amalga oshirilayotgan islohot, shuningdek, iqtisodiy ko‘rsatkichlar va istiqboldagi vazifalar to‘g‘risida taqdimot qildi.

– Global makroiqtisodiy jarayondagi murakkablik, jumladan, yuqori inflyatsiya va foiz stavkalari, xalqaro transport-logistika zanjirlaridagi uzilishlar hamda oshib borayotgan energiya resurslari sharoitida O‘zbekistonning o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va belgilangan ustuvor vazifalari bisyor, – dedi iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari.

U, shuningdek, 2030 yilga qadar mamlakatimizni “o‘rtadan yuqori daromadli” mamlakatlar guruhiga kirishi uchun amalga oshiriladigan muhim islohotlar yo‘nalishlariga alohida to‘xtaldi.

Kong Vay Mun ishtirokchilarni Singapurning raqamli davlat xizmatlarini ko‘rsatish tajribasi va raqamli transformatsiya jarayoni bilan tanishtirdi. Shundan so‘ng Singapur sanoat transformatsiyasi dasturi va uni O‘zbekiston sharoitida amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Konferensiyaning ikkinchi qismida “Yangi O‘zbekistonning investitsion joibadorligi, xorijiy investorlarni jalb etish bo‘yicha, olib borilayotgan ishlar” sessiyasi bo‘lib o‘tadi.

O‘zAni kuzatib boring, har bir sessiya tafsilotlari e’lon qilinadi.

Behruz Xudoyberdiyev,

O‘zA