Shaxmat bo‘yicha har ikki yilda o‘tkaziladigan jahon kubogining bu yilgi bashlari joriy yilning 30 iyul — 24 avgust kunlari Ozarbayjonning Boku shahrida bo‘lib o‘tadi.
Kuni kecha Xalqaro shaxmat federatsiyasi(FIDE) mazkur nufuzli musobaqada ishtirok etadigan shaxmatchilarning so‘nggi ro‘yxatini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, erkaklar o‘rtasidagi o‘yinlarda 206 nafar, ayollar o‘rtasidagi musobaqalarda 103 nafar dunyoning eng kuchli va umidli shaxmatchilari qatnashishi belgilandi.
Umumiy sovrin jamg‘armasi 2,5 million AQSH dollaridan iborat jahon kubogi shaxmatchilar uchun shaxmat tojiga da’vogarlik qilish uchun birinchi va yagona imkoniyatdir. Boisi, musobaqaning eng yaxshi natijaga erishgan uch nafar shaxmatchisi jahon chempionligi uchun kurashish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.
E’lon qilingan ro‘yxatga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ular orasida jahon shaxmatining eng nomdorlari norvegiyalik Magnus Karlsen, AQSH vakillari Hikaru Nakamura, Fabiano Karuana, rossiyalik Yan Nepomnyashiy, niderlandiyalik Anish Giri, ozarbayjonlik Timur Rajabov, hindistonlik Gukesh qatorida hamyurtlarimiz Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov munosiblar sifatida qayd etilgan.
Ayollar o‘rtasidagi bahslarda FIDE jahon kubogining amaldagi sohibi xitoylik Szyuy Venszyun, rossiyalik Aleksandra Goryachkina, hindistonlik Xampi Koneru, Shveysariya vakilasi Aleksandra Kostenyuk, gruziyalik Nana Dzagnidze safidan o‘zbekistonlik Nilufar Yoqubboyeva joy oldi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA