Poytaxtimizda davom etayotgan, “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” deya nomlangan Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida “2023-2028 yillarda O‘zbekistonda qurilish bozorini rivojlantirish” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning qurilish va kommunal sohasiga daxldor vakillari ishtirok etib, sohani rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi. Suhbat jarayonida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov mamlakatimizda qurilish sohasining rivojlanishi, xususan modernizatsiya jarayonlari, raqamlashtirish bosqichlari haqida ma’lumot berdi.

– O‘zbekiston Respublikasida qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning strategiyasi tasdiqlangan bo‘lib, shaharsozlik sohasidagi eskirib qolgan normativ hujjatlarni zamonaviy jahon standartlariga muvofiqlashtirish qat’iy belgilab olingan deya so‘z boshladi, – Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov. – Mazkur modernizatsiya jarayonlari uchun Koreya qurilish texnologiyalari instituti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, ushbu ishlarni muvofiqlashtirish uchun 2022 yilda Qurilishda texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi. Bugungi kunda institutda 80 dan ortiq qurilish, standartlashtirish va muvofiqlikni baholash bo‘yicha ilmiy xodimlar hamda malakali mutaxassislar faoliyat olib bormoqda.

Qurilishda texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti direktori Sherzod Sodiqov shaharsozlik sohasidagi yangicha tizim, takomiliga yetkazilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar, ilg‘or xorij tajribasi va texnologiyasi joriy etilgan laborator ilmiy tadqiqot jarayonlari haqida ma’lumot berdi.

Bugungi tezkor zamon, jahon bo‘ylab globallashuv jarayonlari tobora chuqurlashib borayotgan sharoitda raqamlashtirish ilg‘or davlatlar iqtisodiyotining barcha tarmog‘ida keng joriy etilmoqda. Hattoki, ayrim mamlakatlar ushbu sohaning eng yuqori cho‘qqisi hisoblangan sun’iy intellektdan faol foydalanishga o‘tganiga guvoh bo‘lyapmiz. Raqamlashtirish har bir sohada insonlarsiz boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish orqali korrupsiyani kamaytiradi, soliq tushumlarini «aqlli» shartnomalar tuzish orqali ko‘paytiradi, byudjet xarajatlarining ochiqligini oshiradi, yagona elektron platforma orqali xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatini beradi. Har bir jabhada raqamlashtirish jarayonlarini tashkil etish kelajakda real raqobatbardoshlikni uzoq muddatga saqlab qolish imkoniyatini beradi. Tadbirda mamlakatimizda qurilish sohasini raqamlashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi.

O‘zbekiston qurilish sohasini raqamlashtirish bo‘yicha dunyoning ildamlab borayotgan mamlakatlari qatorida. Vazirlik tomonidan aholiga, tadbirkorlik sub’ektlariga buyurtmachi, loyihachi va pudrat tashkilotlariga, umuman qurilish jarayonlarining barcha ishtirokchilariga maksimal darajada qulaylik yaratish maqsadida qator tashabbuslar ilgari surilmoqda. Bunda barcha xizmat va texnologik jarayonlarni inson omilining aralashuvisiz muvofiqlashtirib borish maqsadida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi ishga tushirildi. Bu esa mazkur sohadagi davlat xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish, hujjatlarning elektron shaklda aylanishini ta’minlash, investitsiya dasturidagi qurilish ob’ektlarining holatini real vaqt rejimida kuzatib borish imkonini bermoqda. Shuningdek, qurilish ob’ektlarida nazorat jarayonlari elektronlashtirilib, barcha ma’lumotlar avtomatik tarzda shakllantirilayapti.

“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi direktori o‘rinbosari Shuhrat Hamdamov dasturiy majmuaning asosiy modullari bo‘yicha ma’lumot berdi. “Qurilish sohasidagi davlat xizmatlari axborot tizimi” platformasi orqali bir necha davlat xizmatlari onlayn amalga oshirilib kelinmokda. Jumladan, qurilish hamda tugallangan ob’ektdan foydalanish uchun ruxsatnoma olish va hokazo. Qurilish va loyiha tashkilotlarining reytingini aniqlash tizimiga respublikada faoliyat yuritayotgan 22 mingdan ortiq qurilish va loyiha tashkilotlari kiritilgan. Mazkur tashkilotlarning reytingi uning moddiy-texnik bazasi, raqobatbardoshligi, kadrlar siyosati, moliyaviy ko‘rsatkichlari, soha mutaxassislarining ish tajribasi kabi bir necha muhim faktorlarni inobatga olgan. Shuningdek, mas’ul davlat organlaridan ma’lumotlar onlayn tartibda avtomatlashtirilgan holda shakllantirilib boriladi. Ta’kidlash lozimki, dunyo miqyosida tender platformasining analogi mavjud emas, ya’ni ushbu tizim faqat O‘zbekistonda tashkil etilgan. Bunda talabgorning ma’lumotlari avtomatlashtir- ilgan tarzda Soliq qo‘mitasi, Adliya vazirligi, Majburiy ijro byurosi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi va Markaziy bank ma’lumotlar bazasidan olinadi.

Shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha axborot tizimi to‘liq raqamlashtirildi, bunda ariza beruvchilar uydan chiqmagan holda murojaat qilishlari, qisqa muddatlarda tegishli ekspertiza xulosalarini olishlari mumkin. Eng muhim jihati, murojaatchi onlayn ravishda arizaning har bir bosqichini monitoring qilishi uchun imkoniyat yaratilgan. Navbatdagi modul qurilish sohasida ko‘rsatiladigan elektron xizmatlarni monitoring qilish va har bir ob’ekt kesimida bosqichma-bosqich amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zida jam qilgan “Maqsadli dasturlar monitoringi” elektron tizimidir. Ushbu tizim orqali “Shaffof qurilish” tizimi qoshidagi boshqa tizimlar hamda tegishli vazirlik va idoralar axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishi hisobiga amaldagi muammolarni yechish imkoniyati paydo bo‘ldi.

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA