O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni mustahkamlanib, nufuzi oshib bormoqda. Ko‘plab mamlakatlarning, xususan, Turkiya, arab davlatlarining yetakchi firma va kompaniyalari yurtimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritishga qiziqish bildirmoqda.

Yaqin Sharq biznes uyushmasi bosh direktori (Turkiya) Mustafo GUVENCH O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi xususida o‘z fikrlarini bildirdi:

— To‘g‘risini aytganda, bugun dunyo suv yuzidagi xasdek har lahza chayqalib turibdi. Jahonning geosiyosiy manzarasi o‘zgarib boryapti. Global pandemiya, ekologik ofatlar, siyosiy beqarorlik, tinchlik-totuvlikka tahdidlar, mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchsizlik o‘z navbatida iqtisodiy inqirozga sabab bo‘layotir.

Ana shunday murakkab vaziyatda O‘zbekistonda oqilona siyosat va iqtisodiy mexanizmlar hayotga tatbiq qilinayotgani mamlakatning barqarorligini, investitsiyaviy jozibadorligini ta’minlamoqda, desak, mubolag‘a emas.

Kuzatuvlarimizdan ma’lumki, yurtingizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka jalb qilinayotgan chet el investitsiyalari hajmi muttasil oshib bormoqda. Zero, sohani yanada rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Tadbirkorlarning faoliyati qo‘llab-quvvatlanib, erkin va faol ish yuritishi uchun zarur sharoit hozirlandi. Bularning barchasi yurtingizda iqtisodiyotni erkinlashtirishga qaratilayotgan izchil chora-tadbirlar samaradorligining amaldagi ifodasidir.

O‘zbekiston rivojlangan mamlakatlar va obro‘li xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ko‘plab istiqbolli loyihalarni amalga oshirayotir. Yurtingizda barcha sohada, xususan, yashil energetika, mashinasozlik, metallurgiya, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, farmatsevtika va boshqa qator tarmoqlarda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar diqqatga sazovor. Ishonamizki, O‘zbekiston yaqin kelajakda dunyoning iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlari qatoriga qo‘shiladi.

O‘zA