2023/2024 o‘quv yili uchun Samarqand davlat chet tillar institutida jami 3207 ta qabul kvotasi (shundan 558 ta davlat granti) belgilandi. Jumladan, bakalavr kunduzgi ta’lim shaklida bu yil 490 nafar abituriyent davlat granti asosida, 1555 nafari esa to‘lov shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, kechki ta’lim shakliga 950 o‘rin, magistraturaga 212 o‘rin ajratilmoqda.
Yangi o‘quv yili qabuli bilan bog‘liq shu kabi ma’lumotlar institut mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
– Shu paytgacha institutimizda 17 ta bakalavr ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanar edi, – deydi Samarqand davlat chet tillar instituti qabul komissiyasi mas’ul kotibi Otabek G‘aybullayev. – Bu yil esa ushbu ta’lim yo‘nalishlar qatoriga o‘zga tilli guruhlarda rus tili, filologiya va tillarni o‘qitish: turk tili hamda filologiya va tillarni o‘qitish: rus tili (sirtqi) qo‘shildi. 14 ta magistratura mutaxassisliklari esa bu yil rus tili qo‘shilib bittaga ko‘paydi.
Samarqand davlat chet tillar institutining professional va oliy ta’lim kampusini tashkil etish orqali hududlarning iqtisodiyot tarmoqlari uchun zamonaviy bilimlarga ega yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab Narpay va Payariq tumanlarida “Maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda xorijiy til (ingliz tili)” hamda “Xorijiy til va adabiyoti: ingliz tili” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan xorijiy tillar fakultetlari tashkil etilgandi. O‘tgan yil ushbu fakultetlarning har biriga 75 tadan qabul kvotasi belgilangandi. Bu yil esa 100 tadan o‘rin (18 ta grant, 82 ta to‘lov-shartnoma) ajratildi.
Institutda qabul jarayonlarini muvaffaqiyatli tashkil etish maqsadida Call-markaz hamda maslahat markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, abituriyentlar hamda ularning ota-onalarini qiziqtirgan savollarga javob berib kelinmoqda.
Yaqin orada Samarqand davlat chet tillar institutida Turkiyaning Mehmet Akif Ersoy universiteti bilan hamkorlikda Turk tilini o‘qitish bo‘yicha, Ispaniyaning Kastilla-La Mancha universiteti bilan hamkorlikda ispan tilini o‘qitish bo‘yicha 2+2 qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
G‘.HASANOV, O‘zA