BMT inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk Kengashning 53-sessiyasida chiqish qilib, jahon hamjamiyatini yer yuzida borgan sari dolzarb tus olayotgan ochlik muammosini hal qilishga chaqirdi. U tezroq “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va qazib olinadigan yonilg‘idan bosqichma-bosqich voz kechish zarurligini alohida ta’kidladi.

Jeneva sessiyasida iqlim o‘zgarishining inson hayotiga salbiy ta’siri muhokama qilingan. Tyurk eslatishicha, 2000-2023 yillar oralig‘ida iqlim o‘zgarishi omili bilan bog‘liq global ko‘lamda yuz berayotgan tabiiy ofatlar 134 foiz ko‘paygan.

– 2021 yil 828 milliondan ziyod kishi ocharchilik muammosiga duch kelgan. Hisob-kitobga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi natijasida asrimiz o‘rtalariga kelib, bu safga yana 80 million kishi qo‘shilishi ehtimoli kuchli, – deydi Tyurk. – Ular dahshatli muhtojlik, ilojsizlik sharoitiga tushib qoladi.

Hozir ekstremal ob-havo hodisasi salbiy oqibati oziq-ovqat xavfsizligini yuzaga keltirmoqda. Oziq-ovqat mahsulotlari bilan bog‘liq keskinlik Afrika, Osiyo, kichik orol davlatlar hamda Markaziy va Janubiy Amerika mamlakatlarida, ayniqsa, kuchli seziladi.

– Global isish tezlashgan sari salbiy ta’sir kuchayib boradi va jadallashadi, hech bir mamlakat oqibatdan chetda qolmaydi, – ogohlantiradi oliy komissar.

Folker Tyurk fikricha, vaziyat yomonlashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun qazib olinadigan yonilg‘i sohasiga bema’ni subsidiya ajratishni bas qilish hamda bosqichma-bosqich “yashil” iqtisodiyotga o‘tish lozim. U ekologik inqirozning asosiy yuki qashshoq mamlakatlardagi bolalar zimmasiga tushayotganiga e’tibor qaratdi. Ya’ni, bundan avvalo aholining eng zaif qatlami jabr ko‘rmoqda. Nafsilambrni aytganda, iqlim o‘zgarishi tengsizlik va kamsitishni kuchaytiradi, mahalliy xalqlar, ozchilik guruhlar, nogiron bolalar va ayniqsa qizlar zo‘ravonlik, zug‘um tahdidi ostida qoladi.
BMT sssiyasida so‘zga chiqqan boshqa ishtirokchilar oziq-ovqat sanoati iqlimga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani, atrof-muhit degradatsiyasini kuchaytirayotganidan xavotir bildirgan. Hukumatlarni qishloq aholisi va kichik fermerlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan qishloq-oziq-ovqat tizimini o‘zgartirishga chaqirgan.

Jahon oziq-ovqat dasturining Jenevadagi idorasi direktori Gian Karlo Sirri ta’kidlashicha, 3,6 milliard odam yoki dunyo aholisining 40 foizdan ortig‘i ekstremal iqlim hodisasiga moyil hududda istiqomat qilmoqda.

Ekspertlar ta’kidicha, yildan-yilga kuchayib borayotgan iqlim bilan bog‘liq tabiiy ofatlar soni 2030 yilga borib 30 foiz oshib, yiliga 560 marta shunday hodisa kuzatiladi. Faol harakatlar iqlim o‘zgarishining insonga ta’sirini yumshatishda muhim ahamiyatga ega, deydi ma’ruzachilar.

Shuningdek, tabiiy ofatdan erta ogohlantirish tizimini joriy etish ham o‘ta dolzarb ekani alohida qayd etilgan.

Jami aholining 6,2 foizini tashkil etuvchi mahalliy xalqlar dunyo biologik xilma-xilligining 80 foizini saqlashga hissa qo‘shmoqda, deydi so‘zga chiqqan ekspertlardan biri. Mahalliy hamjamiyatning bilimi, tajribasi va amaliyoti iqlim barqarorligini ta’minlash, mavjud inqirozni bartaraf qilishga sezilarli ko‘mak beradi. Binobarin, shuni ham tan olish kerakki, mahalliy xalqlar uchun kengayib borayotgan inqirozga dosh berish tobora qiyinlashmoqda. Iqlimshunoslar aytishicha, jarayon shu zayl davom etsa, asr oxiriga kelib, o‘rtacha harorat Selsiy o‘lchovi bo‘yicha 3 daraja ko‘tariladi va sayyoramiz tanib bo‘lmas darajada o‘zgaradi.

Demak, atrof-muhit buzilishini to‘xtatish, ommaviy ocharchilikning oldini olish uchun xalqaro hamjamiyat birlashib, zudlik bilan zarur chora-amallarni ko‘rishi kerak.

S.Rahimov, O‘zA