Poytaxtimizda “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi davom etmoqda.
Mazkur haftalik doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “Sifatli ta’lim va innovatsiyalar – barqaror kelajak asosi” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.
Tadbirda oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov so‘nggi besh yillik islohotlar natijasida respublikada ta’lim sifati va qamrovini oshirish hamda rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimining iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashuvchanligini ta’minlash, ilmiy-innovatsion faoliyatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, mamlakatning innovatsion salohiyatini yanada takomillashtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha samarali mexanizmlar yaratilganini ta’kidladi.
– Sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasida ta’lim sifati va qulayligini oshirish, shuningdek, mamlakatimiz iqtisodiyoti ehtiyojlariga mos kadrlar tayyorlash tizimining samaradorligini oshirish borasida sezilarli yutuqlarga erishildi, – deydi Ibrohim Abdurahmonov. – Barcha sohalarda ilmiy va innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, shuningdek, mamlakatimiz innovatsion salohiyatini shakllantirish va yanada yuksaltirishning samarali mexanizmlari ishlab chiqildi va yangilanmoqda.
O‘zbekiston Global innovatsion indeks reytingida 2015 yilga nisbatan 40 pog‘onaga ko‘tarilib, 2022 yilda 82-o‘rinni egalladi. 2019-2022-yillarda oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar tomonidan 40,4 million dollarlik 627 ta loyiha tijoratlashtirildi, 31,6 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarildi. 23,6 million dollarlik mahsulot sotildi va 7 million dollarlik xizmatlar ko‘rsatildi.
Innovatsiya va ilm-fan sohalariga davlat byudjetidan ajratiladigan yillik mablag‘lar hajmi 3 barobarga hamda loyihalarni moliyalashtirish xajmi 3,5 barobarga oshirildi. Startap ekotizimini shakllantirish borasida 19 ta innovatsion infratuzilmalar tashkil qilindi. Startap-loyihalarga grant mablag‘larini ajratish, startap jamoalarini akseleratsiya va inkubatsiya dasturlaridan o‘tkazish tizimi joriy etilib, umumiy qiymati 105,7 milliard so‘mlik 136 ta startap loyihalari moliyalashtirildi. Ilmiy-texnik ishlanmalarni joriy qilish va tijoratlashtirishda yangi mexanizmlar joriy etilishi natijasida 455,1 milliard so‘m miqdorida ilmiy ishlanmalar tijoratlashtirildi.
Mamlakatda kreativ iqtisodiyotni shakllantirishda yangi ish o‘rni yaratishdan boshlab, iqtisodiy qiymat (kapital) yaratishgacha bo‘lgan “tarmoq-hudud-ilmiy/oliy ta’lim tashkilot” uzluksiz ekotizimini rivojlantirish maqsadida Yangi O‘zbekistonda innovatsion rivojlanish strategiyasi qabul qilindi. Mazkur Strategiyaga asosan 2030 yilga kelib O‘zbekistonni Global innovatsion indeks reytingida dunyo bo‘ylab Top-30 mamlakatlar qatoriga kiritish asosiy vazifa sifatida belgilab berilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA