O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashida UNESSOning “O‘zbekistonning qishloq joylarida bandlik ko‘nikmalarini rivojlantirish” loyihasi rahbarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda UNESSO bilan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi o‘rtasida hamkorlik loyihalarini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi. Mehmonlar Kengash huzurida tashkil etilgan “Tomorqachilikni rivojlantirish milliy markazi” faoliyati bilan tanishib, o‘quv xonalari, tinglovchilar uchun tashkil etilgan mehmonxona hamda o‘quv tarqatma qo‘llanmalarini ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, yaratilgan tajriba maydonlarida bo‘lib, texnikalar, mini-texnikalar, issiqxona, bog‘dorchilik, sabzavotchilik, polizchilik, chorvachilik va parrandachilik majmualarini faoliyati bilan tanishdi.

Uchrashuvda “O‘zbekistonning qishloq joylarida bandlik ko‘nikmalarini rivojlantirish” loyihasi doirasida hududlarni tabiiy iqlim sharoitiga moslashgan mahsulotlar yetishtirish masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, sholichilik Qoraqalpog‘iston Respublikasida, chorvachilik Xorazmda, issiqxona-ko‘chatchilik Buxoroda, bog‘-sabzavotchilik Surxondaryoda tashabbuskor fermer xo‘jaliklarida tajriba tariqasida amalga oshiriladi. Shuningdek, Toshkent viloyatida ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari rahbarlarini malakasi oshiriladi.

– Loyihaga ko‘ra hududlardagi agar soha vakillari uchun fermer xo‘jaliklarida doimiy faoliyat yurituvchi amaliy-o‘quv maskanlari tashkil etiladi, – deydi “Tomorqachilikni rivojlantirish milliy markazi” direktori Mirzohid Yo‘ldoshev. – Bunda hududlarda tashkil etiladigan amaliy-o‘quv maskanlarini moddiy texnika bazasi boyitiladi. Rivojlangan davlatlarda tashkil etilgan mazkur maskanlar faoliyati bilan tajriba almashinadi. Tashrif yakunida tomonlar mamlakatimizning belgilangan hududlarida hamkorlik tadbirlarini tashkil etishga kelishib oldi.

Nilufar Bozorova, O‘zA