“Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusida o‘tkazilayotgan Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasidagi anjumanda O‘zbekiston cog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov “Yangi O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimining transformatsiyasi, zamonaviy tibbiyot tizimining rivoji: global va milliy tendensiyalar” mavzuida ma’ruza qildi.

Vazir o‘z so‘zida o‘tgan 2022 yilda 136 ta poliklinika va 1300 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etilib, ular soni 3 ming 522 taga yetkazilgani natijasida 4,5 million nafar aholiga birlamchi tibbiyot yaqinlashtirilganini qayd etdi. Shuningdek, ixtisoslashgan tibbiy xizmat xalqaro standartlar asosida takomillashtirilib, O‘zbekistonning 14 ta ma’muriy hududida 23 ta ixtisoslashtirilgan markazlar filiallari tashkil etilganini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, mamlakatimizda buyrak va jigar ko‘chirib o‘tkazish kabi yuqori texnologik operatsiyalar viloyat va hatto tuman darajasida ham muvaffaqiyatli bajarilmoqda.

– Ayni vaqtda Hukumat kafolati ostida umumiy qiymati 877 million dollarni tashkil etuvchi 11 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda, – deydi Amrillo Inoyatov. – Germaniyaning KfW banki ishtirokidagi qiymati 45 million yevroga teng “Sog‘liqni saqlash tizimida raqamli texnologiyalarni joriy etish” loyihasi shulardan biridir. Koreyaning “EDCF” jamg‘armasi ishtirokida ham umumiy qiymati qariyb 400 million dollarlik 4 ta yirik loyiha ro‘yobga chiqarilmoqda.

Bundan tashqari, Islom taraqqiyot banki ishtirokida qiymati 80 million dollarlik “O‘zbekiston Respublikasi onkologiya xizmati muassasalarini zamonaviy yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlash (2-bosqich)” loyihasi hamda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan 8 qavatli, 650 o‘rinli va 500 qatnovga mo‘ljallangan maslahat poliklinikasidan iborat Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yangi binosi loyihasi amalga oshirilmoqda.

–Rossiyaning O‘zbekiston bilan tibbiyot sohasidagi hamkorligi uzoq tarixga ega. So‘nggi yillarda transplantologiya yo‘nalishida ham qator yutuqlarga erishdik, –deydi Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi, V.Shumakov nomidagi transplantologiya va sun’iy organlar milliy tibbiyot tadqiqot markazi direktori Sergey Gote. – Xususan, Rossiya shifokorlari o‘zbekistonlik hamkasblariga bu turdagi jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishda yaqindan ko‘mak bermoqda. Birgalikda mamlakatingizning bir qancha hududlarida transplantologiya markazlari ochishni rejalashtirganmiz. Yaqinda Samarqandda o‘tkazilgan O‘zbekiston-Rossiya tibbiyot forumi doirasida yurtingiz shifokorlarini mazkur yo‘nalishda o‘qitish va birgalikda inson tana a’zolarini transplantatsiya qilish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishgan edik. Shubhasiz, ushbu kelishuvlar davlatlarimiz o‘rtasidagi tibbiyot sohasi bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Forum o‘z ishini davom ettirmoqda.

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA