“Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusida o‘tkazilayotgan Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi” mavzusida Xalqaro ayollar forumi davom etmoqda.
Forum doirasida Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva o‘z fikrlarini bildirdi.
– Har qanday jamiyat va davlatning nechog‘li insonparvar hamda adolatli ekanligi uning xotin-qizlarga bo‘lgan munosabati va g‘amxo‘rligi bilan belgilanadi, – deydi Ozoda Parpiboyeva. – Mamlakatimizda ham xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab qo‘yilgan. Shuni alohida qayd etishim lozimki, uzoq yillar davomida xotin-qizlar masalasiga kompleks yondasha olmadik. Afsuski, bu kabi holat hamon mavjud. Yordamga muhtoj xotin-qizlar bittami, bir nechtami, ularning muammosi baribir jamiyatning dolzarb muammosi bo‘lib qolaveradi. Muammolarning esa oqibati bilan ishlash emas, ularning oldini olish muhimroq.
Ma’lumki, gender strategiyasi doirasida gender tenglik tushunchasi jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, madaniyat, ta’lim, ilm-fan, sport munosabatlarida xotin-qizlar va erkaklarning huquq hamda imkoniyatlarining tengligini anglatadi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini ta’minlash yo‘nalishida 2022—2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dastur, 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilindi.
Saylov kodeksiga muvofiq, ayollarning soni siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida 30 foizini tashkil etishi belgilandi. Barcha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining kamida 1 nafar o‘rinbosarini xotin-qizlar orasidan tayinlash tizimi joriy etildi. Natijada rahbar ayollar soni 2017 yilda 27 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib, ularning ko‘rsatkichi 33 foizga yetdi.
Ayollarning ulushi tadbirkorlik sohasida 37 foizni, siyosiy partiyalarda 47 foizni, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida 46 foizni, oliy ta’limda 49 foizni, ta’lim sohasida 74 foizni, tibbiyotda 77 foizni tashkil etmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 33 foizi, Senat a’zolarining 24 foizi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari deputatlarining 25 foizi ayollardan iborat.
Ijtimoiy qiyin vaziyatdagi xotin-qizlarning oliy ta’lim olishga intilishi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xususan, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tavsiyanomasi asosida 5 mingga yaqin xotin-qiz oliy ta’limga imtiyoz asosida qabul qilindi. Magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari qoplab berilishi va bunga har yili kamida davlat byudjetidan 200 milliard so‘m ajratilishi belgilandi. OTM, texnikum va kollejlarda, sirtqi va kechki ta’limda o‘qiyotgan xotin-qizlar kontraktlarini to‘lash uchun 7 yilga foizsiz kredit berish tizimi hamda o‘tgan 2021 yildan boshlab har o‘quv yilida 2 ming 100 nafar muhtoj yolg‘iz ayollar va boquvchisini yo‘qotgan qizlarning oliy ta’limdagi kontrakt-to‘lovlarini qoplab berish tizimi joriy etildi.
Bugungi forum doirasida ham xotin-qizlarning jamiyat hayotida muhim qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini yanada oshirish, ularni iqtisodiy imkoniyatlari va tadbirkorligini rivojlantirish uchun hamkorlik rejalari tasdiqlandi. Ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, innovatsiya, ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, gender tenglikni ta’minlash borasida yangi loyiha va dasturlarni tayyorlashga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan tavsiyalar ishlab chiqildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA