Toshkent shahrida o‘tgan “Sifatli ta’lim – Yangi O‘zbekistonning mustahqam poydevori” anjumanida maktabgacha va maktab ta’limi tizimini rivojlantirishga oid kelgusi rejalar xususida ma’lumot ham berildi.
Dastlab, maktabgacha ta’lim sohasidagi me’yoriy-huquqiy bazani yanada takomillashtirishga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Maktabgacha yoshdagi bolalarni intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy jihatdan har tomonlama rivojlantirish uchun sharoitlar yaratishga kuch tashlanadi.
Tizimga innovatsiyalar, ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish asosiy maqsad etib belgilangan. Qolaversa, bog‘chadagi pedogok-xodimlarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish, tanlab olish va rivojlantirishga mutlaqo yangi yondashuv joriy etilishi kutilmoqda.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 1-4-sinflarida o‘quvchilarga boshlang‘ich, 5-9-sinflarida tayanch hamda 10-11-sinf o‘quvchilarining qiziqish va qobiliyatiga mos bilimlarni berishga yo‘naltirilgan o‘quv dasturlari va o‘quv-metodik majmualarni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.
Yig‘ilish davomida fanlar bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar ulushini 60 foizga yetkazish, direktorlik lavozimiga nomzodlar uchun “Direktorlar maktabi”ni tashkil etish loyihasi ochiqlandi.
Yana bir muhim jihat shundaki, tadbir ishtirokchilari xalqaro moliya institutlari hamda xususiy investorlar bilan hamkorlikda yuzta maktab qurish loyihasi ishlab chiqish fikrini olqishladi.
Behruz Xudoyberdiyev,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA