Milliy sport turimiz kurashning xalqaro maydondagi ommalashuvida chet davlatlarda tashkil etilayotgan milliy federatsiyalarning o‘rni beqiyos. Zotan, kurash musobaqalarining o‘tkazilishi orqali o‘zbekona so‘zlarning xorijiy mamlakat sport maydonlarida jaranglashi, xalqimizga xos iboralarning qo‘llanilishi azaliy qadriyatlarimizning yangicha talqinda rivoj topayotganini anglatadi.
Bu, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ijrosining yorqin ifodasi bo‘lmoqda.
Xalqaro kurash assotsiatsiyasi xabariga ko‘ra, Meksika kurash federatsiyasi vakillarining sa’y-harakatlari tufayli kurash mamlakatning ko‘plab mintaqalaridagi sport klublarida tashkil etiladi.
Meksika sport vazirligi va boshqa rasmiy tashkilotlar hamkorligida joriy yilning 30 iyul kuni Meksika poytaxtining Gonduras sektoridagi Lagunilya sport majmuasida kurash bo‘yicha ochiq turnir tashkil etiladi.
Meksika kurash federatsiyasi prezidenti Xuan Xose Kruz Santillanning so‘zlariga ko‘ra, ushbu turnir Meksika “kurash” terminologiyasining rasmiy qo‘llanilishidagi ilk qadam bo‘lib tarixga kirmoqda.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA