Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg 11-12 iyul kunlari Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan Alyans sammiti arafasida telefon orqali pozitsiyalarni o‘zaro muvofiqlashtirib olishdi.

– Zelenskiy Ukrainaning ittifoqqa intilishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan doimiy shaxsiy sa’y-harakati uchun Stoltenbergga minnatdorlik bildirdi, – deb yozgan Ukraina yetakchisi matbuot xizmati. – Prezident va Bosh kotib NATO sammiti arafasida o‘z qarashlarini muvofiqlashtirdilar.

Zelenskiy NATO mamlakatlarining Stoltenberg vakolatini yana bir yilga uzaytirish qarorini olqishladi. Avvalroq Stoltenberg Ukrainaning mojaro payti NATOga kirishi mumkin emasligi, Alyans davlatlari va Kiyev buni tushunishlari zarurligini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sammitda Ukrainani Shimoliy Atlantika ittifoqiga yaqinlashtirish, Ukraina – NATO kengashini tuzish va Kiyev rasmiylari zimmasiga harbiy ta’minotning ko‘p yillik dasturini ishlab chiqish vazifasini yuklash rejalashtirilgan.

Matubot xizmati xabarida, shuningdek, agar Alyans mamlakatlari rahbarlari Ukrainaning a’zoligi masalasida “jasorat ko‘rsatmasalar”, Zelenskiy sammitga bormasligi ta’kidlangan.

 

O‘zA