“Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida navbatdagi yirik anjuman – “Yangi O‘zbekiston: qulay biznes muhiti” muloqot davrasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Yangi O‘zbekistonda barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashda qulay biznes muhiti, investitsiyaviy jozibadorlikning o‘rni va roli muhokama qilindi. Investitsiya, tadbirkorlik faoliyatining huquqiy va tashkiliy asosini takomillashtirish, chet ellik sarmoyadorlarni faol jalb qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mashhur teleboshlovchi va jurnalist Ali Aslan boshqarib borgan yig‘ilish ikki qismga bo‘lindi: ishbilarmonlik muhitini yaxshilash uchun ko‘rilgan choralar, natijalar va tadbirkorlar huquqini himoya qilish borasida yaratilgan milliy mexanizm.

Ma’lumki, keyingi yillarda yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini yengillashtirish va rag‘batlantirish maqsadida sohaga oid qator tartibotlar qayta ko‘rib chiqilib, eskirgan, zamon talabiga javob bermaydigan byurokratik to‘siq va g‘ovlar olib tashlangan. Natijada ishbilarmonlik muhiti yaxshilangan, tadbirkorlik sub’ektlari va xususiy investorlar uchun imkoniyat kengaygan.

Konferensiya avvalida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov islohotlar sharoitida ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va investitsiya bo‘yicha qonunchilik bazasini takomillashtirish bo‘yicha boy tajriba to‘planganini ta’kidladi.

Sessiya ishtirokchilariga mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish va biznesni qo‘llab-quvvatlash, xorijiy investitsiya jalb qilish maqsadida rivojlangan mamlakatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, biznes muhitini yaxshilash borasida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.

Tadbirkorlar uchun daromadni repatriatsiya qilish va milliy valyutani konvertatsiya qilish bo‘yicha barcha cheklovlar olib tashlangani, yuzga yaqin davlat fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz tashrif buyurish tizimi joriy qilingani aytildi.

Masalan, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida 121 ming 731 kishiga 2 trillion 894 milliard so‘m kredit ajratilgan. Biznes boshlash istagidagi 103 mingdan ziyod xotin-qiz tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, ular tomonidan 200 951 yangi ish o‘rni yaratilgan. 233 mingdan ziyod ayolga oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida jami 4,7 trillion so‘mlik imtiyozli kredit ajratilgan.

Anjuman davomida investitsiya loyihalarini vaqtida sifatli amalga oshirish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ishlab chiqarish quvvati, ish joylari yaratish, infratuzilmani takomillashtirish, hududlarni obodonlashtirish, xalq farovonligi darajasini oshirish bo‘yicha yechimlar taklif qilindi.

Xorijiy ishtirokchilarga litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomilri tubdan takomillashtirilgani, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imtiyoz va preferensiyalar ko‘paygani xususida axborot berildi.

Davlat xizmatidan samarali foydalanish tartibi joriy etildi, fuqaro va tadbirkorlardan jami 73 xil hujjat, ma’lumotnoma talab qilish amaliyoti bekor qilingani aytildi.

Qirg‘iz Respublikasi Savdo-sanoat palatasi rahbari Temir Sariyev yurtimizda koronavirus pandemiyasi davrida turizm, transport, farmatsevtika va to‘qimachilik sanoati kabi tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlash orqali barqarorlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilganini yuqori baholadi.

– O‘zbekiston bugungi kunda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya muhitini yaxshilashning sifat jihatidan yangi bosqichiga chiqqanini alohida qayd etish kerak, – dedi T.Sariyev – mamlakatda investitsiya dasturlari va loyihalari sifatli bajarilmoqda. Eng muhimi, sohada qabul qilingan qonunlar ijrosini ta’minlash yo‘lida tizimli ishlar amalga oshirilyapti.

Konferensiyaning ikkinchi qismi tadbirkorlar huquqini himoya qilishga qaratilgan milliy mexanizm mavzusiga bag‘ishlandi.

Turkiy Savdo-sanoat palatalari ittifoqi bosh kotibi Adem Kula tadbirkorlar faoliyatini muvofiqlashtirish yo‘nalishida birgalikda sa’y-harakat olib borish zarurligini ta’kidladi.

U, shuningdek, mamlakatimizda so‘nggi yillarda biznes bilan shug‘ullanish uchun yaratilayotgan qulay investitsiya sharoiti uchun turkiy dunyo ishbilarmonlari nomidan O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.

Taqdimotlar davomida jahon tajribasida kuzatilayotgan muhim amaliyotlarga murojaat qilindi. Sessiya yakunida ishbilarmonlik muxitini yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlar aks etgan videorolik namoyish etildi.

Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.

O‘zA