O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatovning saylovchilar bilan navbatdagi uchrashuvi Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib o‘tdi.
Unda yoshlar, jamoat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari vakillari, mahalliy Kengashlar deputatlari, partiya faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi, nomzodning ishonchli vakili Xalilla Yeshimbetov olib bordi va saylovchilarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi. So‘ng nomzod so‘zga chiqib, saylovoldi dasturidagi asosiy yo‘nalishlar, undagi g‘oya va tashabbuslarning mazmun-mohiyatini saylovchilarga tushuntirib berdi.
Xususan, nomzodning saylovoldi dasturida bozor iqtisodiyotining samarali amal qilishi uchun yetarli iqtisodiy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, raqobatni himoya qilish barobarida inflyatsiya va ishsizlikni kamaytirish davlatning muhim vazifasi bo‘lishi kerakligi ilgari surilmoqda. Dasturda iqtisodiy siyosatning ijtimoiy samaradorligini ta’minlash uchun qator takliflar keltirilgan. Xususan, nomzod iqtisodiyotda davlatning faol roli va ishtiroki saqlab qolinishi kerakligiga e’tibor beradi. Chunki jamiyatimizda bozor munosabatlarini tartibga solish va ijtimoiy tenglikni ta’minlash jarayoni davlat ishtirokisiz bo‘lmasligi kunday ravshan. Shuningdek, dasturdagi davlatning asosiy tartibga soluvchilik rolini kuchaytirish g‘oyasi konstitutsiyaviy qoidalar asosida ishlab chiqilganligini e’tirof etish lozim.
Bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotda davlatning asosiy tartibga soluvchanlik roli bugungi kunda muhim. Ammo erkin bozor munosabatlari tarafdorlari investitsiya muhitini yaxshilash, iqtisodiy faoliyatga erkinlik berish, valyuta va narx siyosatini yanada erkinlashtirish, xususiylashtirish va iqtisodiyotda davlatning rolini qisqartirishga harakat qiladi.
Iqtisodiyotni liberallashtirish va erkin bozor munosabatlari har doim ham jamiyatni ijtimoiy rivojlantirish maqsadlariga erishish kafolatini bermaydi. Chunki erkin bozor qonunlari, kezi kelganda, insonparvarlik tamoyillaridan chetga chiqib, ijtimoiy tafovutlar hamda tengsizlikning chuqur ildiz otishiga sabab bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi. Qolaversa, ichki bozorni o‘zimizda ishlab chiqarilgan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tovarlar bilan to‘ldirish barqaror iqtisodiy rivojlanishning asosiy omillaridan biri ekanini nazarda tutgan holda, nomzod ishni quyidan boshlashni taklif etdi. Ya’ni, mahalliy hokimliklar darajasida hayot uchun muhim va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari hamda kundalik zarur tovarlarni ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rta muddatli hududiy dasturlarni shakllantirish lozimligi, mazkur dasturlar hududlarda ish o‘rinlarini tashkil etishga doir davlat buyurtmalari hamda o‘rta maxsus, oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash dasturlariga muvofiq bo‘lishi kerakligi qayd etildi.
Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda saylovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. So‘zga chiqqan faollar saylovchilarni Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod dasturini qo‘llab-quvvatlashga, saylovda faol ishtirok etishga da’vat qildi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA