Byudjet jarayonining ochiqligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri Sh.Kudbiyevga Qonunchilik palatasining parlament so‘rovi yuborilgan edi. Bugun parlament quyi palatasining majlisida deputatlar vazirning ushbu parlament so‘roviga javobini muhokama qildi.

Taqdim etilgan javobda qayd etilganidek, 2022 yil hamda 2023 yilning I choragi davomida davlat xaridlarini yanada takomillashtirish yuzasidan vazirlik tomonidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Xususan, Davlat xaridlariga oid qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish maqsadida 2022 yilda bir qator normativ hujjat loyihasi ishlab chiqildi va qabul qilingan.

Davlat xaridlari jarayonlarini raqamlashtirish borasida eng yaxshi takliflarni tanlash va tender xarid qilish tartib-taomillari majburiy tartibda to‘liq elektron shaklda o‘tkazish amaliyoti joriy etilgan. Shuningdek, Davlat soliq qo‘mitasi bilan elektron ma’lumotlar almashinuvini ta’minlash orqali tugatilgan, tugatilish arafasida bo‘lgan, soliqlardan muddati o‘tgan qarzdorliklari bo‘lganlarni davlat xaridlaridagi ishtiroki cheklangan. Davlat xaridlari sohasida xarid qilish va korrupsiyaga qarshi kurashish standartlari bo‘yicha standartlashtirish tizimini jorish etishga doir takliflar ishlab chiqilgan.

Fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda tashabbusli byudjet jarayonini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga muvofiq vazirlik tomonidan Tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlarini yanada takomillashtirish, joylarda kuzatilayotgan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish hamda ushbu jarayonlarning yanada shaffof va haqqoniy tashkil etilishini ta’minlash maqsadida chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan. Unga muvofiq, tashabbusli byudjet jarayonini jamoatchilik o‘rtasida keng muhokama qilish va fuqarolardan kelib tushgan takliflar asosida amaldagi mexanizmga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan.

Majlisda deputatlar parlament so‘roviga javobda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha atroflicha ma’lumotlar taqdim etilganini e’tirof etdilar va vazirning javobini ma’lumot uchun qabul qildilar.

Muhtarama Komilova, O‘zA