Turkiya va Misr 10 yillik tanaffusdan keyin diplomatik munosabatni to‘liq tiklab, aloqani elchilar darajasiga olib chiqdi. Bu haqda “Anadolu” agentligi Turkiya TIV matbuot xizmatiga tayanib ma’lum qildi.
Misr ham ushbu ma’lumotni tasdiqlagani to‘g‘risidagi bayonot mamlakat TIV rasmiy sahifasida e’lon qilindi.
– Bu qadam ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatni tiklashga qaratilgan va mamlakatlar, xalqlar manfaati yo‘lidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun umumiy qat’iyatni aks ettiradi, – deyiladi hujjatda.
Anqara va Qohira munosabati 2013 yil Misr Prezidenti Muhammad Mursiy hokimiyatdan ag‘darilgandan keyin yomonlashgan. Shundan keyin har ikki davlat o‘zaro elchilarni chaqirib olgan.
2022 yil noyabr oyida Qatarda bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha jahon chempionati ochilishi marosimida Prezidentlar Rejep Tayyip Erdog‘an va Abdulfattoh as-Sisi qisqa suhbatlashib olgan edi.