Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida aholi punktlarini ko‘kalamzorlashtirish, daraxt va butalarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov axborot berdi.
Vazir o‘z axborotida ekilayotgan ko‘chatlarning ko‘pchiligi ko‘karmaganining sabablarini aytib, uning yechimi doirasidagi loyihalar xususida to‘xtaldi:
— Ko‘kalamzorlashtirish borasidagi ishlarga 2024 yildan boshlab har yili davlat byudjetidan 500 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bu mablag‘lar urug‘chilikni rivojlantirish, qalamchalar yetishtirish, yopiq ildizli tizim bilan tuvakda yetishtirish va daraxt turidan kelib chiqib 3 yilgacha parvarishlash, sug‘orish tizimlarini tashkil etish kabilarga sarflanadi.
O‘tgan davr mobaynida ekilgan ko‘plab ko‘chatlarimiz sovuqqa chidamsizligini ko‘rsatdi. O‘rganishlarimiz davomida qo‘shni Qozog‘istonning shimoliy qismida bizdan-da sovuq sharoitda xuddi o‘sha navdagi ko‘chatlar ham ko‘kartirilganiga guvoh bo‘ldik. Buning sababini o‘rganganimizda, ko‘chatchilik, seleksiyaga katta e’tibor qaratilar ekan. Shu bois endilikda genetik tomondan kuchli ko‘chatlar yetishtirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Har yili “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida iqlimi, tuproq, suv va boshqa sharoitlari inobatga olingan holda manzilli ko‘kalamzorlashtirish investitsiya dasturi ishlab chiqiladi va shu dastur asosida ko‘kalamzorlashtirish ishlari tashkil etiladi, — dedi vazir.
Muhtarama Komilova, O‘zA