Qonun bilan raqobat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Qonunga ko‘ra, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raqobat sohasidagi vakolatli davlat organi (monopoliyaga qarshi organ) hisoblanadi.
Qonunga bir qator yangi, jumladan, monopoliyaga qarshi komplayens tushunchasi kiritildi.
Monopoliyaga qarshi komplayens faoliyatning raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqligini ta’minlash, ularning buzilishi xatarlarini aniqlash va mazkur xatarlarning oldini olish bo‘yicha ichki tashkiliy tartib-taomillar tizimidan iborat.
Monopoliyaga qarshi komplayens majburiy tartibda:
–respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarda;
–tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda;
–oxirgi 3 yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumining o‘rtacha yillik miqdori BHMning 100 ming baravaridan oshadigan hamda ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i davlatga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslarda;
–oxirgi 3 yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumining o‘rtacha yillik miqdori BHMning 100 ming baravaridan oshadigan hamda ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi 50 foizni va undan ortiqni tashkil etadigan yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslarda;
–yuridik shaxslarning birlashmalarida joriy etiladi.
Qonunda ustun mavqeni belgilashning yangi mezonlari kiritildi. Unga ko‘ra, tabiiy monopoliya sub’ektlari ham ustun mavqega ega sub’ektlar qatoriga qo‘shildi.
Shuningdek, ustun muzokara kuchi instituti kiritilib, unga muvofiq, ustun mavqega ega bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi sub’ekt yoki shaxslar guruhi tomonidan bitim shartlarini, tovarlar realizatsiya qilinadigan hududni va narxni belgilashga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyatining mavjudligi ustun muzokara kuchi deb e’tirof etiladi.
Qonunga ko‘ra, davlat xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalar, grantlar, davlat kafolatlari, imtiyozli kreditlar, eksklyuziv huquqlar, davlat mulkini imtiyozli narxlarda sotish va ijaraga berish, yer resurslaridan va yerosti boyliklaridan foydalanish huquqlarini imtiyozli shartlar asosida berish hamda boshqa preferensiyalar va afzalliklar tarzida davlat yordamini berishi mumkin.
Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
O‘zA