Polshaning Krakov va Malopolska shaharlarida o‘tgan 3-Yevropa o‘yinlarida milliy sportimiz ko‘rki bo‘lgan kurash taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ko‘hna qit’aning 50 ga yaqin davlati sportchilari ishtirokida o‘tgan o‘yinlar doirasidagi mazkur taqdimot Yevropa ochiq chempionati shaklida tashkil etildi.
Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Yevropa kurash konfederatsiyasi hamda O‘zbekiston kurash federatsiyasi, shuningdek, yurtimizning Polshadagi elchixonasi hamkorligida o‘tkazilgan ochiq chempionatda yevropalik dongdor polvonlar ishtirok etdi.
Taqdimot avvalida kurash bo‘yicha o‘quv-seminar mashg‘ulotlari uyushtirildi. Unda polvonlar va ularning murabbiylariga kurash qoidalari, bellashuvlarni baholash mezonlari tushuntirildi.
Bundan tashqari, tadbir davomida matbuot anjumani tashkil etilib, ommaviy axborot vositalariga kurashning dunyodagi rivoji, Olimpiada o‘yinlari dasturidan o‘rin olishi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi.
Mukofot jamg‘armasi 7000 yevrodan iborat Yevropa ochiq chempionatida erkak va ayollar mutloq vazn toifasida bahslarga kirishdi. Qizg‘in va murosasiz bellashuvlar natijalariga ko‘ra, ayollar o‘rtasida g‘oliblik polshalik Sandra Liskumga nasib etdi. Shohsupaning ikkinchi pog‘onasini litvalik Ranalda Zubaviseni egalladi. Belgiyalik Viktoria Boloxan hamda ruminiyalik Aleksandra Lorena 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Erkaklar o‘rtasidagi raqobatda latviyalik Viktors Resko oltin medalga sazovor bo‘ldi. Serbiya vakili Aleksandar Kalabic kumush, makedoniyalik Boban Danov hamda mezbonlar vakili Vojcechkazimiyerz Kordya bronza medaliga ega chiqdi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan pul mukofotlari va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Kurash taqdimoti doirasida milliy hunarmandchilik namunalari namoyish etildi. To‘kin dasturxon yozilib, o‘zbekona palov tortildi. Taniqli estrada xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Polshada o‘tgan 3-Yevropa o‘yinlari doirasidagi kurash musobaqalari milliy sportimiz rivojida yangi sahifa ochganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA