Respublika ishchi guruhining o‘rganishlari doirasida Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida xizmat intizomi hamda qonuniylikka rioya etilishi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, shahar va tuman rahbarlari hamda o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 30 mart hamda 12 iyundagi Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida hududning ijobiy tajribasini yaratish, ijtimoiy profilaktika faoliyatini amaliyotga keng tatbiq etish bo‘yicha bergan topshiriqlari ijrosi tahlil qilindi.
O‘rganishlar jarayonida mutasaddi rahbarlar asossiz xotirjamlikka berilishi, tashabbuskorlik yetishmasligi oqibatida ba’zi bir turdagi jinoyatlar ko‘rsatkichi oshganligi kuzatildi. Xususan, sodir etilgan jinoyatlarning 33 foizi Nukus shahriga to‘g‘ri kelishi, Nukus shahri ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari A.Soliyev o‘ziga biriktirilgan 39 nafar muammoli yoshdan atigi 14 nafari bilan suhbatlashganligi tanqid qilindi. Ishchi guruh rahbari tomonidan boshqarmada sog‘lom ish muhitini yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shu bilan birga, murojaatlar bilan ishlash ahvoli, muammoli fuqarolar bo‘yicha profilaktika inspektorlari tomonidan xulosa berish, ishsizlar va sog‘ligini yo‘qotgan shaxslar bilan hamda nizoli oilalar bilan manzilli ishlash ahvoli qoniqarli emasligi qattiq tanqid qilindi. Hududlarda tungi xizmatga biriktirilgan xodimlarni nazorat qilish yo‘lga qo‘yilmaganligi, jamoatchilik nazorati maskanlari faoliyati to‘xtab qolganligi ta’kidlandi.
Narkomaniya yo‘nalishi bo‘yicha natijadorlik qoniqarli emasligi tanqid qilindi. Xususan, psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish bo‘yicha aniq reja, murosasizlik asosida ish olib borilmayotganligi shular jumlasidandir. Faoliyati davomida kamchilikka yo‘l qo‘yganligi uchun Chimboy, Shumanay tuman IIB boshliqlari hamda Shumanay, Beruniy tumanlari IIB boshliqlarining birinchi o‘rinbosarlariga “hayfsan” e’lon qilinib, bir guruh rahbarlar ogohlantirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashkil etilgan Janubiy va Shimoliy mintaqaviy hududlar faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida IIV tashkiliy departamenti boshlig‘i o‘rinbosariga mintaqa faoliyatini doimiy tahlil qilish, zamonaviy metodlarni joriy etish bo‘yicha mintaqa rahbarlariga qo‘llanmalar ishlab chiqib, amaliyotga tatbiq etish vazifasi topshirildi. Xizmat intizomi va Prezident qarorlarining ijrosi qat’iy ta’minlanishi bo‘yicha vazir o‘rinbosari hamda sohaviy xizmat rahbarlaridan iborat ishchi guruh tuzilib, nazorat o‘rnatilishi belgilandi.
Shundan so‘ng, Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektor rahbarlari ishtirokida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan seminar yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Respublika idoralararo ishchi guruhining o‘rganishlari doirasida amalga oshirgan ishlar va aniqlangan kamchiliklar tahlil qilindi.
O‘rganishlar jarayonida aholi muammolarini hal etish, bandlikni ta’minlash, murojaatlarni bartaraf etish, narx-navolar barqarorligini ta’minlash, mahallalarda xavfsiz sharoit yaratish, jamoat xavfsizligi va yo‘llarda inson xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, 68 nafar sektor rahbari, 2 ming 260 mahalla beshligiga aholining muammolarini hal etish borasida yangi ish uslublarini o‘rgatish bo‘yicha 58 marotaba o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi. Oliygohlarda 1 ming 312 nafar talaba orasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va yoshlarni diniy ekstremizm oqimlaridan asrash bo‘yicha huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Dehqon bozorlari va shifoxonalarda aholini jinoyatlardan ogohlantirish maqsadida 3 ming 855 dan ortiq buklet tarqatildi, 15 “qizil” toifadagi mahallada jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha muhokamalar o‘tkazildi. Bevosita mahallalarga borgan holda aholining kayfiyatini ko‘tarish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib, kam ta’minlangan va ijtimoiy yordamga muhtoj 988 oila o‘rganildi.
Ulardan kelib tushgan 411 murojaatdan 356 tasining hal etilishi ta’minlandi, qolgan 55 tasi ijro uchun sektor rahbarlariga topshirildi.
Mahallalarda 3,1 chaqirim yo‘llar shag‘allashtirildi, 1,8 chaqirim yo‘lga asfalt yotqizildi, 3,3 chaqirim yo‘l chiziqlari qaytadan chizilgan, 8 piyodalar o‘tish joylari tiklanib, 31 yo‘l belgisi va 1 yangi zamonaviy svetofor o‘rnatildi hamda 4 svetofor ta’mirlandi. Tabiiy gaz tarmog‘iga ulanmagan mahallalar aholisiga 3 ming 271 suyultirilgan gaz balloni tarqatildi. 5 ming 215 nafar fuqaro sayyor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 536 nafar kasalga tibbiy xizmat, 344 nafar qariyaga ijtimoiy yordam ko‘rsatildi.
Joriy yilda 7 mehnat yarmarkasi tashkil etilib, 23 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi, 11 nafar ishsiz doimiy ish o‘rinlariga, 12 nafari esa haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi. Mahallalarda 16 sayyor qabul o‘tkazilib, 162 murojaat hal etildi, 972 nafar fuqaroga sayyor davlat xizmati ko‘rsatildi.
Sakkiz nafar aliment to‘lovchi qarzdorlar ish bilan ta’minlandi, 154 nafar shaxsdan 128 million 668,5 ming so‘m miqdorida aliment puli undirib berildi. Aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan 3 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Profilaktika inspektorlari tomonidan 2 ming 968 xonadon o‘rganilib, 38 huquqbuzarlik sodir etishi yoki undan jabrlanishi ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslar aniqlandi va ularning muammolari hal bo‘lishi uchun mahalladagi beshlikka biriktirildi. 69 nizoli oila o‘rganib chiqilib, 34 oilaviy muammo bartaraf etildi, 16 nafar ayolga “himoya orderi” rasmiylashtirildi. Ichki ishlar organlari rahbarlariga biriktirilgan 1 ming 28 nafar “qizil” toifadagi yoshlar bilan 55 uchrashuv o‘tkazilib, 158 nafarining muammolari hal etildi.
Kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash maqsadida kompleks tezkor-profilaktik va maxsus tadbirlar o‘tkazildi. Tezkor tadbirlar davomida 3 jinoiy va 7 ma’muriy holat aniqlandi, 4 nafar qidiruvda bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi, ilgari sodir etilgan bitta jinoyat fosh etildi.
Jamoat joylari va mahallalarda 674 “tungi patrul” guruhi tashkil etilib, ularga 1 ming 354 nafar shaxsiy tarkib jalb etilib, 506 ma’muriy huquqbuzarliklar aniqlandi, 8 dona sovuq quroli va 2 dona ov quroli ixtiyoriy ravishda topshirildi. Targ‘ibot ishlari natijasida 38 ijtimoiy soha ob’ekti hamda 29 xonadon qo‘riqlash pultiga ulandi. 33 nafar fuqaro yakka tartibdagi tadbirkor sifatida va 6 nafar fuqaro qayta yakka tartibdagi tadbirkor sifatida hamda 264 nafar fuqaro o‘zini-o‘zi band qilish bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Yo‘llarda xavfsiz tadbirlarida 821 qoidabuzarlik aniqlanib, mahallalarda, jamoat transporti va avtoxo‘jaliklarda 40 marotaba targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA