Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti, O‘zbekiston – Yaponiya Yoshlar innovatsion markazi (UJICY), Yaponiyaning Kyushu universiteti (KU) hamda Karbon-neytral energiya tadqiqotlari xalqaro instituti (I2CNER) olimlari hamkorligida ishlab chiqiladigan loyiha “SATREPS – Yaponiya va rivojlanayotgan mamlakatlar tadqiqotchilari tomonidan global muammolarni xalqaro hamkorlikda tadqiq qilish dasturi” g‘olibi bo‘ldi.
Ushbu loyihada O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti hamkorlik qiluvchi tashkilotlar sifatida ishtirok etmoqda.
SATREPS – Yaponiya Hukumatining global muammolarni hal qilishga qaratilgan xalqaro qo‘shma tadqiqotlarni ilgari surish uchun Yaponiya fan va texnologiyalar agentligi (JST) hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan moliyalashtiriladigan dasturidir.
Loyihaning maqsadi O‘zbekistonda vodorod ishlab chiqarish bo‘yicha texnologik jarayonlarni iqtisodiy baholash orqali asoslangan ilmiy-tajribaviy tadqiqotlar o‘tkazish va vodorod energetikasi sohasida kadrlar tayyorlashdan iboratdir.
Energetika vazirligi, vazirlik huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti bilan UJICY, KU, I2CNER va hamkor tashkilotlar quyidagi tanlab olingan to‘rtta eng zamonaviy texnologiyalar sohasida dastlabki tadqiqotlarni boshladi:
– tugallangan neft quduqlaridan foydalangan holda vodorod ishlab chiqarish;
– O‘zbekiston iqlim sharoitida zamonaviy perovskit quyosh batareyalarini rivojlantirish;
– bug‘ elektrolizi asosida vodorod ishlab chiqarish;
– fotokatalitik uslubda vodorod ishlab chiqarish.
Loyiha besh yil davom etadi hamda tadqiqot faoliyati, tajribaviy asbob-uskunalarni xarid qilish va o‘zbekistonlik yosh olimlarni o‘qitish uchun 500 million Yaponiya iyenasi (3,5 million AQSH dollari) ajratiladi.
N. Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA