Olmaota shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya Xavfsizlik kengashi kotiblari birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi hamkorimiz “Kazinform”.

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev forum ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida bugungi vaziyatda mintaqa uchun barqarorlikni saqlash va xavfsizlikni mustahkamlash eng muhim vazifa ekanini ta’kidlagan.

Mamlakat yetakchisi Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya Xavfsizlik kengashlari kotiblari o‘rtasidagi uchrashuvlar bu borada aniq yondashuv va yechimlarni shakllantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirgan.

Yig‘ilishda xalqaro terror guruhlari, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, diniy radikalizm bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan narkobiznesga qarshi kurashishga jiddiy e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi.

– Mintaqada narkotik moddalar noqonuniy aylanishiga qarshi kurash bo‘yicha axborot muvofiqlashtirish markazi kabi tuzilmalar hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Binobarin, markazning salohiyati hali to‘liq ochilgani yo‘q. Mintaqaviy xavfsizlik xatarlari Afg‘onistondagi vaziyat bilan chambarchas bog‘liq. Olmotada tashkil etilayotgan BMT mintaqaviy xabi faoliyati doirasida ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitini yaxshilash bo‘yicha tegishli qadamlar tashlanishi mumkin, – deyiladi axborotda.

Birinchi uchrashuvda Xavfsizlik kengashlari kotiblari joriy xalqaro vaziyat va mintaqa davlatlari milliy manfaatidan kelib chiqqan holda hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini ko‘rib chiqishga kelishib olgan.

Muloqot davomida Qozog‘iston tomoni Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, transport va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashni taklif etgan. Butun ekotizimni, jumladan, iqlim o‘zgarishi sharoitida saqlab qolish zarurligini hisobga olgan holda, suv xavfsizligi masalasiga alohida urg‘u berildi.