Birlashgan Arab Amirligining Dubay shahrida shaxmat bo‘yicha boshlangan “Global Chess League“ turnirining 1-turida hamyurtimiz Javohir Sindorov “UpGrad Mumba Masters“ tarkibida ”Triveni Continental Kings“ jamoasi vakili daniyalik Yonas Bal Berrega bilan kuch sinashdi.
Qora donalarda harakat qilgan Sindorov ushbu o‘yinda durangga erishdi. Jamoaviy tarzda kechgan uchrashuvda “UpGrad Mumba Masters“ jamoasi Triveni Continental Kings“ vakillarini 8:7 hisobida dog‘da qoldirdi.
Bugun, 23 iyun kuni turnirning navbatdagi kunida Nodirbek Abdusattorov o‘ynayotgan “Balan Alaskan Knights“ jamoasi ”SG Alpine Warriors“ jamoasi bilan ro‘baro‘ keladi. Nodirbek mazkur qarama-qarshilikda 2-stolda hindistonlik Gukesh bilan kim kuchli ekaniga aniqlik kiritadi.
Bugun shuningdek, “Global Chess League“ turnirining 2-turida “Balan Alaskan Knights“ va “UpGrad Mumba Masters“ jamoalari o‘zaro to‘qnash keladi. Unda Abdusattorovga rossiyalik Aleksandr Grishuk raqiblik qilsa, Sindorov hindistonlik Raunak Sadvani bilan o‘ynaydi.
Dunyoning eng kuchli shaxmatchilarini jamlagan 6 jamoa ishtirokida o‘tkazilayotgan “Global Chess League” turniri 2 iyulgacha davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA