Hisob palatasi faoliyatining ochiqligi va shaffofligini oshirish, amalga oshiriladigan nazorat tadbirlarining maqsadlari va tartibini belgilash zarur. Shuningdek, davlat xaridlari sohasidagi qonunlar ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishda palataning vazifalarini aniqlashtirishga ehtiyoj bor.

“O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun shu kabi bo‘shliqlarni to‘ldiradi.

Senatning qirq ikkinchi yalpi majlisida muhokama qilingan qonun bilan Hisob palatasiga oz miqdorda talon-toroj qilingani va davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik buzilgani, Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati organlariga esa oz miqdorda talon-toroj qilingani uchun ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnoma tuzish vakolatlarini berish nazarda tutilayotgani qayd etildi.

Hisob palatasiga o‘z ish rejalari, moliyaviy huquqbuzarliklar va ularni bartaraf etish natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zining veb-saytiga joylashtirish, jamoatchilikni o‘z faoliyati haqida har chorakda xabardor qilib borish majburiyati yuklanmoqda.

Hisob palatasi tomonidan amalga oshiriladigan nazoratning shakllari va turlari kengaytirilib, taftish, tekshirish va o‘rganishga oid nazorat tadbirlarining farqli tomonlari ochib berilgan va ularni amalga oshirish mexanizmlari huquqiy jihatdan mustahkamlangan.

Senat a’zolari ma’qullagan qonun Hisob palatasining faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish, byudjet mablag‘lari sarflanishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatish samaradorligi yanada oshishiga xizmat qiladi.

N.Abduraimova, O‘zA