Davlatimiz rahbarining topshirig‘i asosida Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi idoralararo respublika ishchi guruhi hududlarda bo‘lib, aholi muammolarini aniqlash va manzilli bartaraf etish, kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish bo‘yicha ish olib bormoqda.

Bu jarayonda fuqarolar uchun munosib ish va yashash sharoitlarni yaratish, iste’mol bozorlarida oziq-ovqat mahsulotlarining narx-navosi barqarorligini ta’minlashga ham e’tibor qaratilmoqda. Aholi va tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda.

Shu kunlarda Ichki ishlar vaziri boshchiligidagi idoralararo respublika ishchi guruhi Xorazm viloyatida bo‘lib, viloyatdagi 531 mahallada o‘rganish olib bormoqda. Aniqlanayotgan muammolarni manzilli bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

O‘rganishlar jarayonida asosiy e’tibor aholini tashvishga solayotgan dolzarb kundalik ijtimoiy-maishiy muammolarga joyida yechim topish, ta’lim, tibbiy xizmat ko‘rsatish, bandlik, daromad manbaini yaratish va boshqa yo‘nalishlarda sektor rahbarlarining amalga oshirayotgan ishlarini yanada jadallashtirishga qaratilmoqda.

“Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisining mahallalarda osoyishtalikni ta’minlash bo‘yicha yangicha ishlash tizimini amaliyotga keng tatbiq etishga qaratilgan faoliyati tahlil qilinmoqda.

Ellik nafardan ortiq tuman-shahar sektor rahbarlari hamda uch ming nafarga yaqin mahalla beshligiga aholining muammolarini hal etish borasida yangi ish uslublarini o‘rgatish bo‘yicha o‘quv-amaliy seminarlar o‘tkazildi. Yoshlar orasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va ularni diniy ekstremizm oqimlaridan asrash bo‘yicha huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.

IIV axborot xizmatining xabar berishicha, ijtimoiy himoya yo‘nalishida kam ta’minlangan va ijtimoiy yordamga muhtoj mingdan ortiq oila o‘rganilib, ulardan kelib tushgan 543 murojaatning 359 tasi joyida hal etildi. Qolgan murojaatlar ijro uchun sektor rahbarlariga topshirildi.

“Xiva muruvvat nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyi”da qariyalar va “Oilaviy bolalar uylari”da yetim bolalar holidan xabar olinib, madaniy tadbirlar tashkil etildi.

Aholini energiya resurslari bilan muntazam ta’minlash yo‘nalishida mahallalarda 143 ko‘p qavatli uyda yerto‘la, tom qismi va kommunikatsiya tizimi ta’mirlanib, elektr, tabiiy gaz, oqova va ichimlik suvi tarmog‘idagi nosozliklar bartaraf etildi. Elektr energiyasi barqarorligini ta’minlash maqsadida 2,9 km. kabel tortildi, 24 ta tayanch ustun o‘rnatildi, 4 ta transformator ta’mirlandi.

Mahallalar hududidan o‘tgan ichki ariqlar va kanallarning qirg‘oqlari tozalanib, maishiy chiqindilar olib chiqildi. To‘rt kilometrdan ortiq yo‘llar shag‘allashtirildi, 3,8 km. asfalt yotqizildi, yo‘l chiziqlari qaytadan chizildi. Piyodalar o‘tish joylari tiklanib, yo‘l belgilari o‘rnatildi va yangi zamonaviy svetoforlar o‘rnatildi. Tabiiy gaz tarmog‘iga ulanmagan mahallalar aholisiga 6,5 mingdan ortiq suyultirilgan gaz balloni tarqatildi.

Aholi salomatligini yaxshilash maqsadida yetti ming nafardan ortiq fuqaro sayyor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 908 nafar kasallangan fuqaroga  tibbiy xizmat, 426 nafar qariyaga ijtimoiy yordam ko‘rsatildi. Sog‘lig‘ida muammosi bo‘lgan 1 ming 652 nafar fuqaroga joyiga chiqqan holda bepul dori-darmon, nogironlik aravachalari, eshitish moslamalari va boshqa anjomlar tarqatildi. Oltmish nafarga yaqin fuqaroga davolanish uchun yo‘llanma, sakson nafarga yaqin fuqaroga esa sanatoriylarga yo‘llanma berildi.

Bozorlar va olis mahallalarda oziq-ovqat yarmarkalari tashkil etilib, aholiga ikki yuz tonnaga yaqin mahsulot arzonlashtirilgan narxda sotilishi ta’minlandi.

Mehnat yarmarkalari tashkil etilib, 39 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. 22 nafar ishsiz shaxs doimiy ish o‘rinlariga, 17 nafari esa haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi.

Mahallalarda o‘n beshga yaqin sayyor qabul o‘tkazilib, 205 murojaat hal etilib, mingdan ortiq fuqaroga sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

Shuningdek, o‘n besh nafarga yaqin aliment to‘lovchi qarzdorlar ish bilan ta’minlanib, uch yuz nafardan ortiq shaxsdan 1,5  milliard so‘mga yaqin miqdordagi aliment puli undirib berildi.

Profilaktika inspektorlari tomonidan yetti mingdan ortiq  xonadon o‘rganilib, ularning muammolarini hal etish uchun mahalladagi mas’ullarga biriktirildi. Shundan yuzga yaqin nizoli oilaning muammolari bartaraf etildi, 9 nafar ayolga “himoya orderi” rasmiylashtirildi. Ichki ishlar organlari rahbarlari va yoshlar o‘rtasida yigirmaga yaqin uchrashuv tashkil etilib, uch mingdan ortiq yoshning muammolari tinglandi va  muammolarini joyida bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Kriminogen vaziyatni yanada barqarorligini ta’minlash maqsadida kompleks tezkor-profilaktik va maxsus tadbirlar o‘tkazildi. O‘tkazilgan tadbirlar davomida 6 ta jinoiy va 13 ta ma’muriy holat aniqlandi. Bir  nafar qidiruvda bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi, ilgari sodir etilib, ochilmagan bitta jinoyat fosh etildi.

Noqonuniy giyohvand moddalar oldi-sotdisi bilan bog‘liq uchta holat, pora olish, firibgarlik bilan bog‘liq uchta jinoyat hamda ikki dona ta’qiqlangan diniy materiallarni tarqatish va ikki dona noqonuniy diniy ta’lim berish bo‘yicha ma’muriy holatlar aniqlanib, huquqiy baho berish uchun tergov organlariga yuborildi.

Respublika ishchi guruhining o‘rganish hamda amaliy yordam ko‘rsatish ishlari davom etmoqda.

 

N.Abduraimova, O‘zA