Jahonga yuz tutayotgan istaklar yoki Turkiyada ta’lim olayotgan o‘zbek yigitining hikoyasi

…Bolalikdan xorijda ta’lim olishni, ko‘plab tillarni o‘rganishni orzu qilardim. Bir necha marta urinib ham ko‘rdim, bakalavr va magistrlik ta’limi davrida xorijda o‘qish nasib qilmadi. Lekin umidni so‘ndirmasdan intilaverdim, nihoyat 27 yoshda, doktorantura bo‘yicha grant yutdim. 2014 yili Turkiyaning davlat granti asosida Anqaradagi Gazi universiteti Ijtimoiy fanlar institutining Kommunikatsiya fakultetiga o‘qishga taklif qilindim.

O‘sha yili oktyarb oyida Anado‘lu diyoriga yakka o‘zim, hech kimni tanimasdan, tilni bilmasdan, to‘liq tavakkal bilan yo‘l oldim.

O‘qishda dunyoning qaysi davlatidan kelganingizga qaramay, turkcha o‘rganishingiz, (agar turkchani bilsangiz, imtihon topshirishingiz) kerak edi. Ta’lim tizimidagi yana bir yutuq, o‘quvchilar hali maktabni bitirmay turib, imtihon topshirishadi. Yiqqan ballariga ko‘ra, o‘quvchi qaysi yo‘nalishda va qaysi universitetda o‘qishga da’vogarlik qilishi mumkinligi haqida tavsiya beriladi. Shu yo‘l bilan chekka bir qishloqda o‘qiydigan o‘quvchi yaxshi ball yig‘ib, hali o‘zi ko‘rmagan katta bir shaharning nufuzli universiteti talabasiga aylanishi mumkin. Aytib o‘tish joiz, tanish-bilish, “x-variant” degan tushunchalar ish bermaydi. Yig‘ilgan ballga qarab, Ta’lim vazirligi o‘quvchini yo‘naltiradi, ana undan keyin taqdirning yangi sahifalari ochiladi. Albatta, yoshlar ko‘proq ball yig‘ib, Anqara, Istanbul, Izmir kabi katta, ta’lim tizimi kuchli shaharlarda o‘qishga intiladilar.

Universitetdagi darslar internet orqali tanlanadi, talaba universitet tomonidan belgilangan ma’lum bir kunda majburiy va tanlov fanlarni tanlaydi. Har semestrda talaba kerakli ballni yig‘a olishi kerak, yo‘qsa, ba’zi darslarni kelasi yili yana o‘qishi yoki o‘rniga boshqa bir fanni o‘qib bitirishi zarur. Qisqacha aytganda, talaba 4 yil davomida kerakli ballni yiqquniga qadar o‘qish davom etaveradi. Kimdir 5 yilda, yana kimdir 6-7 yilda ham bitirishi mumkin.

Yana bir jihat, o‘qituvchi va talaba orasida hech qanday ta’maga yo‘l qo‘yilmaydi. Sovg‘a-salom degan tushunchalar kor qilmaydi. Buning iloji ham yo‘q, dars tugagach, o‘qituvchini topishning o‘zi amrimahol, topsangiz ham sizga vaqt ajratishi qiyin. Xullas, talabaning o‘qishdan boshqa iloji yo‘q. Turkiyada ba’zi universitetlarning to‘liq ingliz tilida olib boriladigan bo‘limlari mavjud. Oxirgi yillarda turk tilida ta’lim beriladigan bo‘limlar dars dasturlarining 30 foizi ingliz tilida olib borilmoqda. Masalan, mashinasozlik bo‘limidagi darslarning bir qismi to‘liq ingliz tilida bo‘ladi. Shu yo‘l bilan yetishib chiqqan mutaxassis xorijda ham faoliyat yurita olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Turkiyaga ketar chog‘imda kelajakda O‘zbekistonni turk xalqiga yanada ko‘proq tanishtirishga ahd qilgan edim. O‘tgan davr ichida ana shu ahdimga sodiq qolib, ko‘p joylarda Vatanimiz haqida ma’ruzalar qildim, OAVda chiqishlar bilan ishtirok etdim. Ikki davlat orasidagi munosabatlarning faollashishi, hamkorlikning rivojlanishi bir paytlar ko‘ngilga tukkan orzularimning ijobatidek tuyulyapti.

Shohruxbek Olim,
Turkiyaning Gazi universiteti
Ijtimoiy fanlar institutining
Kommunikatsiya fakulteti doktoranti.

 

O‘zA