Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal – demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ishonchli vakili Bayrambay Otemuratov taxiatoshlik saylovchilar bilan uchrashdi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, hudud faollari, tuman Kengashi deputatlari, faol xotin-qizlar va yoshlar  hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda ishonchli vakil saylovchilarga nomzodning mehnat faoliyati, saylovoldi dasturi,  undan o‘rin olgan beshta ustuvor maqsadni qamrab olgan asosiy yo‘nalishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, dasturdagi uchinchi maqsadga suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish  borasidagi reja-maqsadlar kiritilgan.  Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda  davlat atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni   saqlash   bo‘yicha   chora-tadbirlarni amalga oshirishi belgilangan. Shu sababli, uchinchi maqsadda tabiatimizni asrab-avaylab, kelajak avlodlarga bezavol yetkazish bo‘yicha samarali choralar bayon qilingan.

Ishonchli vakil saylovchilar oldida Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturidan o‘rin olgan beshta ustuvor maqsadni o‘zida mujassam etgan xalqchil g‘oya, maqsad va vazifalar mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan tub islohotlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishiga alohida  urg‘u berdi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar saylovchilarni Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevga ovoz berishga chorladi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri