2022 yil davomida Adliya vazirligiga huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun 2 ming 667 normativ-huquqiy hujjat loyihasi kelib tushgan. Ulardan 2 ming 225 tasi (83 foiz) huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan va 442 loyiha o‘tkazilmasdan qaytarilgan.

Huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun taqdim qilingan loyihalarning 679 tasi (31 foizi) e’tirozlar bilan qaytarilgan.

Bu Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisida Adliya vazirining davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati va huquqni qo‘llash amaliyotining holati to‘g‘risidagi axborotini ko‘rib chiqish asnosida qayd etildi.

Vazirlik tomonidan huquqiy siyosatni yuritish va jamiyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sohalarida 149 qonunchilik hujjati loyihasi ishlab chiqilib, (49 qonun, 39 Prezident farmoni va qarori hamda 61 Hukumat qarori loyihasi) belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.

Shuningdek, “tartibga solish gilotinasi” usulida Hukumatning qarorlari ham qayta ko‘rib chiqilib, Vazirlar Mahkamasining 422 qarori bekor qilingan.

Muhokamalar chog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda senatorlar tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati hamda huquqni qo‘llash amaliyoti sohasida yechimini kutayotgan muammolar mavjudligi va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish lozimligi qayd etildi.

Jumladan, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunga asosan qonunlar, Prezident farmonlari va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar normativ-huquqiy hujjatlari loyihalarini Adliya vazirligi tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha aniq muddatlar belgilangan bo‘lsada, o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida qator holatlarda ushbu muddatlarga rioya qilinmagan.

Shuningdek, ayrim vazirlik va idoralar tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun taqdim etilgan loyihalarning sifati ham talab darajasida emasligi qayd etildi. Ayniqsa, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tartibga solish ta’sirini baholash, ularni huquqiy va korrupsiyaga qarshi ekspertizalardan o‘tkazish vazifalariga yetarlicha e’tibor qaratilmaganiga senatorlar e’tiroz bildirdi.

Tahlillar asosida hududiy adliya organlari tomonidan norma ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha mahalliy Kengashlarga beriladigan axborotlar o‘z vaqtida taqdim qilinmagani qayd etildi.

Majlisda norma ijodkorligi va huquqni qo‘llash sohasida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan qator vazirlik va idoralar, shuningdek, hududiy adliya organlari rahbarlarining ham axborotlari eshitildi.

Adliya vazirligi va uning hududiy idoralari davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qonunchilikka asosan taqdim etilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tegishli huquqiy ekspertizadan o‘tkazish muddatlariga qat’iy amal qilish, normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilishi masalalari yuzasidan davlat organlari va tashkilotlarga tushuntirishlar berish hamda manzilli yordam ko‘rsatish masalalariga e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

Muhokamalardan kelib chiqib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qator ustuvor vazifalar belgilab olindi.

N.Abduraimova, O‘zA