Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Bilim va malakalarni baholash agentligi mutasaddilari ishtirokida joriy o‘quv yili uchun OTM larga qabul masalalari yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda qayd etilishicha, 8 ta OTMda chet tilidan ijodiy imtihon o‘tkazilishi rejalashtirilgan. O‘qishga kirish uchun faqatgina biometrik pasport yoki ID-karta va umumiy o‘rta ta’lim olganini tasdiqlovchi hujjat (attestat, diplom) talab etiladi. Ro‘yxatdan o‘tishda 2 ta tanlov ustuvorligi: davlat granti va ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 5 tagacha ta’lim yo‘nalishini tanlash mumkin.

OTM larga o‘qishga qabul qilishda jami 206857 nafar (43783 tasi grant, 163074 tasi to‘lov-kontrakt) talaba uchun o‘rin ajratiladi. Shundan bakalavriat uchun kunduzgi ta’lim shakliga – 126714 nafar (34860 tasi grant, 91854 tasi kontrakt), sirtqi ta’lim shakliga – 49063 nafar (to‘liq kontrakt), kechki ta’lim shakliga – 11125 nafar (kontrakt), masofaviy ta’lim shakliga – 2825 nafar (kontrakt) hamda magistrlar tayyorlash bo‘yicha – 17130 nafar (8923 tasi grant, 8207 tasi kontrakt) o‘rin belgilangan.

Mutaxassislar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, abituriyentlarning test sinovida to‘plagan ballari test topshirganning ertasi kunida shaxsiy kabinetga javoblar varaqasi skaner qilinib, to‘g‘ri va noto‘g‘ri javoblar ko‘rsatilgan holda yuboriladi. Talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmaganligi to‘liq test sinovlari yakunlangandan so‘ng 1 hafta ichida e’lon qilinadi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA