Yurish, yugurish tabiiy jarayon bo‘lib, salomatlikni asrashda muhim omildir. Ammo keyingi paytlarda texnik imkoniyatlarning taraqqiy etishi oqibatida aksariyatimiz kamharakat bo‘lib boryapmiz.
Shu jihatdan, aholi salomatligining “asosiy himoyachisi” bo‘lgan yurish, yugurish tadbirlariga davlat darajasida e’tibor qaratilayotganligi bejiz emas. Millat genofondini sog‘lomlashtirish, jamiyatdagi har xil yot va zararli odatlarga jismoniy tarbiya va sport vositasida kurash olib borish mamlakat taraqqiyotini ta’minlash, har jihatdan barkamol avlodni kamolga yetkazish deganidir.
Ta’kidlash lozim, yurtimizda “Yangi nafas” ommaviy yugurish tadbirlarining joriy etilishi natijasida yuz mingdan ziyod aholi vakillari sog‘lom turmush tarzi bilan qamrab olindiki, bu shuncha miqdordagi oilalarga sport harakati kirib borganidan dalolat.
Joriy yilning 25 iyun kuni respublikamizning 16 ta shahrida Yoshlar kuniga bag‘ishlangan “Yangi Nafas” xalqaro ommaviy yugurish musobaqasi va “Vatan qalqoni” harbiy-vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasi, shuningdek, Xalqaro Olimpiya kuni (Olympic Day) munosabati bilan ommaviy yugurish tadbirlarining tashkil etilishi ayni maqsadlarning mantiqiy davomi bo‘lishi shubhasiz.
“Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” shiori ostida o‘tadigan “Yangi nafas” xalqaro ommaviy yugurish musobaqalarining bu yilgi dasturi butunlay yangi formatda o‘tkazilmoqda. Toshkentda o‘tkaziladigan sport tadbirining ishtirokchilari uchun tanlov asosida 3 ta masofa taqdim etiladi: 1 milya (1609m), 3 km, 10 km. Farg‘ona, Namangan, Buxoro, Samarqand va Nukusda – 1 milya va 3 km. Andijon, Nurafshon, Guliston, Jizzax, Termiz, Navoiy, Qorovulbozor, Qarshi, G‘uzor, Urganchda yuguruvchilar 3 km. masofada musobaqalashadi.
– Aholi orasida yugurishni ommalashtirish orqali salomatlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbus sifatida boshlangan “Yangi nafas” sport harakati bu yil xalqaro darajaga ko‘tarilmoqda. Salomatlik tadbirlarida Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Afg‘onistondan yosh sportchilar va yugurish klublarining a’zolari qatnashish istagini bildirgan. Bundan tashqari, yugurish musobaqalarida yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatik korpus vakillari, xorijiy mehmonlar, san’at va madaniyat namoyondalari, mashhurlar, taniqli sportchilar qatnashish istagini bildirmoqda, – deydi O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi bosh kotibi Kamoliddin Ro‘zamuhamedov.
“Yangi nafas” ommaviy yugurish tadbirlarida barcha qatnashishi mumkin. Bu – umumxalq harakati. Musobaqa nizomiga ko‘ra, yuguruvchilar uchun ruxsat etilgan yosh chegarasi 9 yosh etib belgilangan. Ishtirokchi shaharlar uchun yagona start ertalab soat 6:00 da boshlanadi. Toshkentda 5500, Samarqandda 2300, qolgan 14 ta shaharlarning har birida 2000 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda deyiladi Yangi nafas” ommaviy yugurish tadbirlari tashkiliy qo‘mitasi xabarida.
T. Ro‘ziyev, O‘zA