FOTOREPORTAJ

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumani “Kenes” ovul fuqarolar yig‘inida 7 ming 200 dan ziyod aholi istiqomat qiladi. Ovul fuqarolar yig‘ini mas’ullari tomonidan aholi turmush sharoitini yaxshilash,  kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

– Joriy yilning o‘tgan 5 oyi davomida 118 nafar ishsiz fuqaroning ish bilan bandligi ta’minlandi, – deydi hokim yordamchisi Klishboy Davletov. –Ularning 41 nafari doimiy ish o‘rniga, 21 nafari mavsumiy va jamoat ishlariga biriktirildi. 56 fuqaro o‘zini o‘zi band qilishi uchun tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyatiga yo‘naltirilib, ularga 1 milliard 143 million so‘m imtiyozli kredit va 101 million so‘m miqdorida subsidiya mablag‘i ajratildi. Bundan tashqari, 31 nafar ishsiz yosh va xotin-qiz kasb-hunarga o‘qitildi. Shuningdek, tomorqa yerlardan samarali foydalanish bo‘yicha ham izchil chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Ovulda jami 126 gektar aholi tomorqa yer maydoni mavjud bo‘lib, ularning deyarli barchasiga erta bahordan sabzavot va poliz ekinlari ekilgan.  Ayniqsa, tomorqa yer egalari – Xo‘janazar Purxanov va Abubakir Sobirovlarning dehqonchilik ilmi ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lmoqda. Ayni paytda ushbu xonadon tomorqasida peshma-pesh pishib yetilayotgan bodring, pomidor, piyoz, bulg‘or qalampiri, sabzi, kartoshka kabi mahsulotlar ko‘zni quvnatadi.

 

Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA