O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida do‘stlik va madaniy hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlarida Qozog‘iston madaniyati kunlari o‘tkazilmoqda.
Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida Qozog‘iston kinosi kunlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda ikki davlat kino sohasi mas’ul rahbarlari, ijodkorlar ishtirok etdi.
Tadbirda keyingi yillarda ikki qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy munosabatlar yangicha rivojlanish bosqichiga chiqqani, bu jihatlar kino sohasida ham yaqqol ko‘zga tashlanayotgani ta’kidlandi.
Kino ixlosmandlari uchun 20-23 iyun kunlari mazkur kinosaroy zallarida qozoq kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan “Sulton Beybars”, “Mukagali”, “Dots.Mukasan”, “Vremya patriotov”, “Paralimpiyachi”, “Na starte”, “Leto 1941-goda” badiiy filmlari, “Kenja qiz”, “Besik jiri”, “Amen ag‘a ag‘ashi” multfilmlari namoyish etiladi.
Madaniyat kunlari doirasida poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida qardosh xalqning san’at ustalari, yetakchi badiiy jamoalari ishtirokida katta konsert dasturi namoyish etiladi. Unda qardosh xalqning Saltanat Axmetova, Dulat Tokanov, Alisher Karimov, Ruxiya Baydukenova, Saltanat Mendig‘aliyeva, Dinislambek Jaylaubay, Didar Abduxaliq, “GULDER”, “Turan” kabi badiiy jamoalarining artistlari ishtirok etishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan birga “Turan” ansambli Alibek Kabdurahmonov bosh dirijyorligidagi O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri bilan birgalikda 21 iyun kuni poytaxt aholisiga o‘z musiqiy dasturini taqdim etadi.
Aytish joizki, “Turan” ansambli etno-folklor yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatib, mana 15 yildirki AQSH, Avstriya, Belgiya, Germaniya, Vengriya, Niderlandiya, Fransiya va boshqa davlatlarda o‘z musiqiy dasturini taqdim etib kelmoqda.
Qiziqarli musiqiy konsertlar Samarqanddagi viloyat musiqali drama teatri hamda Buxoro shahridagi yoshlar markazining konsert zalida ham bo‘lib o‘tadi.
N.Usmonova, O‘zA