Ostona shahrida BMT va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ayollar ishlari, oilaviy va demografik siyosat bo‘yicha milliy komissiya ko‘magida “Innovatsiyalar va texnologiyalarni rivojlantirishda ayollarning roli” mavzusida Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqotining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston yetakchi ayollari o‘rtasida xotin-qizlarga oid dolzarb masalalar yuzasidan o‘zaro maslahatlashuvlar, fikr almashish va amaliy hamkorlik olib borishga qaratilgan mazkur mintaqaviy platformaga 2023 yilda Qozog‘iston raislik qilmoqda.

Unda O‘zbekiston Senati Raisi, Qozog‘iston parlamenti Spikeri, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston deputatlari, davlat organlari rahbarlari, shuningdek, nodavlat va xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Raqamlashtirish xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarga keng jalb etishning yangi samarali vositasi sifatida Qozog‘istonning Markaziy Osiyo ayollari muloqotiga raisligining ustuvor yo‘nalishlari qatoriga kiritilgan.

– 2020 yilda “Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollari muloqoti” platformasining yaratilishi bilan mamlakatlarimizda xotin-qizlarning huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar izchil amalga oshirilmoqda, – dedi yig‘ilishda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva. – Muloqot Markaziy Osiyoda o‘zining salmoqli o‘rnini egalladi va jahon hamjamiyatida munosib qo‘llab-quvvatlandi. Mazkur noyob platforma faoliyat ko‘rsatgan davrda muhim hujjatlar qabul qilindi va yirik tadbirlar o‘tkazildi. Bu esa hududiy miqyosda samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishga katta ta’sir ko‘rsatdi. Biz buni mintaqa davlatlarining Muloqotni yanada rivojlantirish, uning samaradorligi va xalqaro maydonda e’tirofini oshirishga bo‘lgan katta qiziqishining namoyoni sifatida baholaymiz.

Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlaridagi faol, ishbilarmon ayollar, akademik va ilmiy doiralar, nodavlat va fuqarolik sektorlari sa’y-harakatlarini birlashtirish, demografik rivojlanish, gender tengligining dolzarb masalalari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga alohida urg‘u berdi. Turizm, madaniyatni rivojlantirish sohasida loyihalarni amalga oshirish, ekologiya sohasida o‘zaro hamkorlik qilish, savdoni, shu jumladan, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

“Ayollar ishtirokida innovatsiyalar va texnologiyalarni rivojlantirish sohasidagi ilg‘or tajribalar” mavzusidagi sessiyada esa yangi texnologiyalarni rivojlantirishda ayollarning rolini ko‘rsatuvchi muvaffaqiyatli innovatsion loyihalar, Markaziy Osiyo mintaqasi ayollarining startaplari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Sessiya davomida ishtirokchilar ayollar startaplarini, sun’iy intellektni, qishloq joylarda raqamlashtirishni rivojlantirishga qaratilgan raqamli loyihalar, shuningdek, oila va jamiyat, ayollar tadbirkorligi, kasb-hunar ta’limi va bandligini ta’minlashning dolzarb masalalarini hal etishga qaratilgan ishlanmalarni ham muhokama qildi.

Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqotining 2023 yilga mo‘ljallangan Harakatlar rejasi qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA