Yangi O‘zbekistonga sarmoyadorlarni jalb qilish bo‘yicha ulkan investitsiya siyosati yuritilib, byurokratik qonunchilik isloh qilinmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda investitsiyaviy loyihalar hamda davlat-xususiy sherikligi asosidagi loyihalarni boshlagan sarmoyadorlarni himoya qilish bo‘yicha kafolat bermoqda.
Vazirliklardagi amaldorlar va ayrim sudyalar esa eskicha qarashlar va byurokratik g‘oyalar bilan yashab, Yurtboshimizning ushbu tashabbuslariga to‘sqinlik qilmoqda hamda o‘zlarining shaxsiy manfaatlari yo‘lida islohotlarning amalga oshirilishiga qarshi chiqmoqda.
Prezidentimizning 2022 yil 26 yanvardagi PQ – 102 – sonli ham Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 17 avgustdagi 674-sonli qaroriga muvofiq sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inini isloh qilish bo‘yicha belgilangan vazifalarini bajarayotgan sarmoyador va tadbirkorga nisbatan bitta majlisning o‘zida shoshilinch ravishda noqonuniy va adolatsiz qaror chiqarildi.
Ya’ni, «Intermed innovation» mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi O‘zbekiston aholisiga sifatli va zamonaviy tibbiy tahlil (analiz)lar o‘tkazish bo‘yicha yaqindan ko‘maklashish maqsadida ushbu sohaga sarmoya kiritgan. “Toshkent shahrida markazlashgan klinik-diagnostika laboratoriyasi” davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish orqali 200 dan ziyod tahlillarni zamonaviy usulda o‘tkazishni yo‘lga qo‘ygan edi. Shundan 24 xil birlamchi zaruriy tahlillar (178 poliklinikada) bepul amalga oshirilmoqda edi.
Biroq, «Intermed innovation» mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasini litsenziyasidan mahrum qilishdi. Tadbirkorlik sub’ektining qonuniy faoliyatini to‘xtatishda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligidagi ayrim mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari sabab bo‘ldi.
«Intermed innovation» mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi mas’ullari bundan hamda Toshkent tumanlararo va shahar iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudining qaroridan norozimiz.
Chunki Toshkent iqtisodiy ishlar bo‘yicha tumanlararo sudida javobgar «Intermed innovation» mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi vakillarining ishtirokisiz, faqat da’vogar – Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillarining xulosalariga asoslanib qaror chiqarildi. Sudga ishni boshqa kunga qoldirish to‘g‘risidagi o‘z vaqtida berilgan yozma arizamiz inobatga olinmadi.
Toshkent shahar iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudining apellyatsiya instansiyasida ham «Intermed innovation» mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi vakillari keltirigan vajlar, sudga taqdim etilgan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ishlash to‘g‘risidagi 2020 yil 10 fevraldagi №1-33K sonli shartnoma, 2022 yil 24 sentyabrda amaldagi Sog‘liqni saqlash vaziri A. Inoyatov tomonidan imzolangan Operatorlik bitimi, Sog‘liqni saqlash vazirligining 4 ta buyrug‘i va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasining SKDL loyihasi bo‘yicha 4 ta buyrug‘i shaklidagi ruxsatnoma hujjatlari e’tiborga olinmadi.
Sud Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan tuzilgan 2020 yil 10 fevraldagi №1-33K (№3-sonli ilova) Konsession bitimga muvofiq, SKDL loyihasi bo‘yicha namuna olish punktlari davlat poliklinikalarining tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi degan bizning asosiy vajlarimizni ham e’tiborga olmadi.
“Birlamchi tibbiy yordam davlat tibbiyot muassasalari negizida tashkil etiladigan I i II darajadagi klinik-diagnostika laboratoriyalari davlat poliklinikalarining tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi”. Konsession bitimning 1.3 bandiga muvofiq, aholidan namuna va biomateriallarni olish, Operatorga yetkazib berish Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘zining davlat poliklinikalari orqali amalga oshiriladi.
O‘z navbatida, Sog‘liqni saqlash vazirligi buyruqlari bilan SKDL loyihasiga biriktirilgan 178 poliklinikadan har biriga alohida litsenziya olish talab etilmaydi va huquqiy hujjatlar shartlariga ham, sog‘lom aqlga ham to‘g‘ri kelmaydi.
2021 yil 14 iyuldagi №O‘ZRQ-701sonli “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tashkil etilgan davlat muassasalari, basharti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini amalga oshirish nazarda tutilgan bo‘lsa, faoliyatning ushbu turlarini tegishli litsenziyani olmasdan amalga oshirishga haqlidir.”
Shu sababli Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 178 poliklinika – davlat muassasalari uchun xususiy kompaniya tomonidan 178 tibbiy litsenziya olish litsenziya olish to‘g‘risidagi qonunga ziddir.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 178 poliklinikani qamrab olgan hamda respublikamizning 10 milliondan ortiq aholisi farovonligiga ta’sir ko‘rsatadigan bu darajadagi ulkan davlat-xususiy sheriklik asosidagi investitsiya loyihasi bo‘yicha 2 soat ichida bunday shoshilinch bir martalik yig‘ilishning o‘tkazilishi va Toshkent shahar iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudining bir tomonlama chiqargan qarori Prezident va qonunchilik talabiga qilgan sud jarayoni emas.
Agar 2023 yilning 28-29 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan xalqaro Toshkent investitsiya forumida Prezidentimiz tomonidan berilgan “Nega inestorlar bugun amalga oshirilayotgan islohotlarni ko‘rib, O‘zbekistonga sarmoya kiritishga hamon shoshilmayapti va bu qarorda ularni nima to‘xtatib turibdi?” degan savoliga javob bersak, bunda bizning holatda javob ayon: bular Sog‘liqni saqlash vazirligining yanglish fikrlaydigan amaldorlari va davlatimiz Prezidentining topshiriqlarini bajarishdan yiroq bo‘lgan va hali ham o‘tmish bilan yashayotgan mansabdorlardir.
Operator agar vazirlik shaxsiy uchrashuvlardan qochishni to‘xtatsa, axborot tarqatishning noloyiq amaliyotini bas qilsa, va nihoyat, 2023 yil 12 aprel kuni investorlar va tadbirkorlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan “Tibbiyot transformatsiyasi” konferensiyasida davlat-xususiy sheriklik doirasida birlamchi bo‘g‘in tibbiyot muassasalari laboratoriyalarini isloh qilish bo‘yicha barcha shartnoma va kelishuvlarni imzolagan va DXSH loyihamizni muvaffaqiyatli amalga oshishini yuqori baholagan Sog‘liqni saqlash vaziri A.Inoyatov ishtirokida o‘zining huquqiy hamkori bilan muzokaralar stoliga o‘tirsa, amaldagi imzolangan shartnomalar doirasida, ayniqsa, aholi uchun bepul tahlillarni taqdim etishni kengaytirish qismida MKDL loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Ma’lumot uchun: «Intermed innovation» mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi O‘zbekistonda 2010 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Xitoy Xalq Respublikasining xalqaro standartlarga muvofiq tibbiy va laboratoriya jihozlarini ishlab chiqaruvchi yetakchi xalqaro kompaniyalari “Mindray Medical International Limited” va “United Imaging” ning, jumladan,O‘zbekistonda MKDL loyihasini amalga oshirishda O‘zbekistondagi rasmiy hamkori va vakili hisoblanadi.
«Intermed innovation» mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi EQAS (AQSH), RIQAS (Buyuk Britaniya), QCMD (Buyuk Britaniya), FSVOK (Rossiya), ISO9001:2015 laboratoriya xizmatlarining xalqaro sifat sertifikatlariga ega bo‘lib, 2022 yilda O‘zbekistonda yuksak referens laboratoriya maqomini olgan.
«Intermed innovation» mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi.
P.S: Xabaringiz bor, ushbu mavzuda saytimiz orqali chiqishlar qilindi. «Intermed innovation» mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasining yurtimiz aholisi manfaati yo‘lida sog‘liqni saqlash sohasiga investitsiya kiritgani, salmoqli natijalarga erishayotgani, biroq ayrim mansabdor shaxslarning “o‘yinlari” qurboni bo‘layotgani qalamga olingan edi. Ammo, afsuski, Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari bu chiqishlarga negadir panja orasidan qaramoqda. Agar vazirlikda biror asos bo‘lsa, «Intermed innovation»ga javob qaytarishi kerak emasmi? Mabodo investor haqiqatan nohaqlikka uchrayotgan bo‘lsa, uning manfaatini kim himoya qiladi? Vaholanki, O‘zbekistonga investitsiyalar jalb qilish davlat siyosati darajasidagi masala. Shunday emasmi? Ikkinchi tomon fikri uchun minbar berishga tayyormiz.
O‘zA