Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Ostona shahrida Qozog‘iston raisligida o‘tayotgan Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqoti yig‘ilishi doirasida Qozog‘iston Parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev bilan uchrashdi

Muloqot chog‘ida parlamentlararo aloqalarning mavjud holati va istiqbollari, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki davlat hududlari o‘rtasida o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Senati raisi mintaqaviy formatda O‘zbekiston va Qozog‘iston eng faol mamlakatlar ekani, ikki tomonlama hamkorlik sur’ati parlament o‘lchamida, umuman, barcha sohalarda jadal o‘sib borayotganini ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirishga katta e’tibor qaratish lozimligi, O‘zbekiston – Qozog‘iston mintaqalararo forumi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan sarmoyaviy va savdo shartnomalarini amalga oshirishda parlamentlarning imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirish bo‘yicha fikrlarini bildirib o‘tdi.

Qozog‘iston Senati raisi O‘zbekiston tashabbuskori bo‘lgan Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqoti mintaqaviy hamkorlik uchun noyob platforma ekani, o‘zaro hamkorlikning barcha jabhalarini yangi bosqichga olib chiqishi bilan ahamiyatli ekanini alohida qayd etdi.

– Biz mamlakatni rivojlantirishning barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan, davlat siyosatining katta islohotchilik salohiyatini o‘zida mujassam etgan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining qabul qilinishini olqishlaymiz. O‘zbekiston turli sohalarda erishayotgan yutuqlar mintaqa mamlakatlari uchun namunadir. Xususan, biz Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga erishishda sizning tajribangizni o‘rganyapmiz. Bu borada O‘zbekistonning keng qamrovli amaliy tajribasi namuna sifatida olinib, hozirda Qozog‘iston Parlamenti huzurida ham BRM bo‘yicha komissiya tashkil etilganini mamnuniyat bilan bildirmoqchiman, – dedi M.Ashimbayev.

Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi raisi Yerlan Koshanov bilan bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama uchrashuvda esa mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishi, ya’ni muntazamlik kasb etib borayotgan parlamentlararo munosabatlarga to‘xtalib o‘tildi.

T.Norboyeva Oliy Majlis Parlamentlararo hamkorlik kengashi, shuningdek, Qozog‘iston parlamenti Majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlament guruhi faoliyatiga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. O‘zaro aloqalarning ushbu mexanizmlari doirasidagi chora-tadbirlarni yanada faollashtirish lozimligini, bunda qonun ijodkorligi, gender va yoshlar siyosati sohasida o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish muhimligini qayd etdi.

– Keyingi yillarda O‘zbekiston izchil rivojlanmoqda, Qozog‘iston yaqin qardosh va qo‘shni sifatida mamlakatda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi, – deydi Ye.Koshanov. – Ikki davlat o‘rtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlar bajarilishini monitoring qilishda Parlamentlararo hamkorlik kengashi bundan keyin ham faoliyat samaradorligiga e’tibor qaratadi. Chunki Qozog‘iston – O‘zbekiston hamkorligi ko‘lami keng va boy, biz uning izchil rivojlanishidan manfaatdormiz.

Parlamentlar rahbarlari bilan kechgan uchrashuvlar yakunida qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish amaliyotini davom ettirish, xalqaro parlament tuzilmalari, shuningdek, qator boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida ikki davlat bir-birini o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi.

N.Abduraimova, O‘zA