O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi Polsha Respublikasida bo‘ldi. Tashrif doirasida «O‘zbekiston –Polsha» parlamentlararo do‘stlik guruhlarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, Polsha Senati raisi o‘rinbosari  B.Borusevich, Seym vitse-spikeri R.Terlitsk va Mazoviya viloyati marshali (rahbari) A.Struzik bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston – Polsha munosabatlarining holati va ularni rivojlantirish istiqbollari, xususan, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish, uni yangi mazmun bilan boyitish, qonun ijodkorligi va parlament nazorati sohasida o‘zaro tajriba almashishni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston parlamenti a’zolari Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida aholi turmush darajasi va sifatini oshirish, ijtimoiy infratuzilmani takomillashtirish, mamlakatimiz barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi.

Polsha tomoni O‘zbekistonda demokratik davlat asoslarini mustahkamlash va fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan muddatidan ilgari Prezident saylovi davlat zimmasiga yuklatilgan yuksak mas’uliyatni,  amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning chinakam demokratik mohiyatini yaqqol namoyon etadi.

Muloqot chog‘ida ikki tomonlama parlamentlararo muloqot izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni faollashtirishda o‘zaro qiziqish bildirildi.

Tomonlar hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini ham ko‘rib chiqdi. Iqtisodiyotning to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati, agrar va energetika sektorlaridagi loyihalari ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

Ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni faollashtirish maqsadida polshalik parlament a’zolari Polsha-O‘zbekiston iqtisodiy forumini o‘tkazishni taklif qildi.

Mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikning ikki tomonlama ishonchli asoslarini shakllantirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Tomonlar turizm sohasidagi hamkorlik uchun katta salohiyat mavjudligini ta’kidlab, ikki davlat poytaxtlari o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani ishbilarmonlik aloqalarining oshishiga, o‘zaro sayyohlik oqimining oshishiga xizmat qilishini qayd etdi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA