Yurtimizda yer umummilliy boylik sifatida e’tirof etilgan bo‘lsada, shu paytgacha undan keladigan foydadan ko‘proq mansabdor shaxslar bahramand bo‘lgani sir emas.

Yer sotish, yerdan foydalanish bilan bog‘liq turli noqonuniy holatlar ko‘paygani bois Davlatimiz rahbari ushbu sohada tub islohotlarni amalga oshirdi.

Tuman hokimlari tomonidan yer ajratish to‘xtatilib, bu ishlar faqat auksion orqali amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi. Yerlar elektron onlayn auksion orqali faqat ijara huquqi asosida ajratilmoqda.

Ochiq elektron tanlov orqali qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berish huquqini qo‘lga kiritgan shaxslarga o‘sha hudud hokimining tasdig‘i talab etilmaydi.

Shuningdek, yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanganlarni o‘z vaqtida aniqlash hamda chora ko‘rish mas’uliyati Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi organlariga yuklatildi.

Kadastr agentligi organlari yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish holatlarini aniqlagan taqdirda, ushbu yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni bekor qilish haqida sudga da’vo arizasi kiritadi.

Bu kabi me’yorlar 2022 yil 6 iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan.

Mazkur qonunda ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim aholi qatlamlari uchun bir qator kafolatlar belgilangan. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning oilasi elektron onlayn-auksionlardan yer uchastkalarini sotib olishi bilan bog‘liq xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi.

Yerni xususiy mulk sifatida e’tirof etish bo‘yicha ham muhim qadamlar qo‘yildi. Bu yerga nisbatan mulkiy munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

O‘z navbatida, bu O‘zbekistonda yangi avlod mulkdorlar qatlamining kengayishiga, yer bilan bog‘liq bozorning rivojlanishiga, yer uchastkalaridan foydalanish bo‘yicha samaradorlik oshishiga olib keladi.

Shu bilan birga yerdan foydalanish jarayoniga bozor mexanizmlarini joriy etish, bu yo‘nalishda mulkiy va huquqiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlash, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash mamlakatda bozor mexanizmlarining ishlashiga huquqiy asos bo‘ladi.

Bu me’yorlar yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyaning 68-moddasida o‘z ifodasini topdi.

Unga ko‘ra, yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir. Yer qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni ta’minlovchi shartlar asosida va tartibda xususiy mulk bo‘lishi mumkin.

Bu yerdan foydalanish sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishga yo‘l ochdi. Mazkur normaning amaliyotga joriy etilishi mulkdorlarga, xususan, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga ularning yerga bo‘lgan mulk huquqini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlashga imkon yaratdi. O‘z navbatida, bu yerdan oqilona foydalanishni ham taqozo qiladi.

Bahodir Tojiyev,  

Senatning Agrar va suv xo‘jaligi  

masalalari qo‘mitasi raisi.

O‘zA