Yangi farmon

Mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida. Bu yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilgan.

Ushbu qat’iy me’yor mazkur sohani yagona yondashuv asosida isloh qilish zarurligini taqozo etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 1 iyunda “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi.

Mazkur hujjat mamlakatimizda fuqarolarning ijtimoiy himoyaga oid huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash, aholiga ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish sifatini tubdan oshirish borasidagi ishlarni tizimli tashkil etishni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi. Shuningdek, sohaga ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan o‘ziga xos boshqaruv tizimini joriy etishda muhim ahamiyatga ega.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi, bugungacha aholiga sifatli ijtimoiy xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida qanday ishlar amalga oshirildi?

Oxirgi besh-olti yilda aholining ijtimoiy himoyasiga e’tibor qaratish yangi bosqichga ko‘tarildi. Darhaqiqat, O‘zbekistonda ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish xarajatlari yalpi ichki mahsulotga nisbatan ikki baravarga oshdi. Natijada kam ta’minlangan nafaqa oluvchi oilalar qamrovi besh barobarga ko‘paydi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar va bolalarning parvarishi bilan band bo‘lganlar uchun yangi nafaqa turlari joriy etildi.

Bu mavzuda yana ko‘plab ma’lumot va raqamlar keltirish mumkin. Zero, Yangi O‘zbekistonda barcha islohotlar zamirida inson qadri va manfaati turadi.

Bugungi kunda davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy himoya dasturlari ko‘plab xizmat va yordamlarni qamrab olgan. Bu xizmatlar qator vazirliklar tomonidan bir biridan tarqoq tarzda amalga oshirib kelinadi. Prezident farmoni mazkur sohani yagona yondashuv asosida isloh qilishga qaratilgani bilan dolzarb. Bu borada farmonda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi, shuningdek, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar)larda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etish ko‘zda tutilganligi muhim ahamiyatga ega.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu farmonni tayyorlashda xalqaro va mahalliy ekspertlardan iborat ishchi guruh faoliyat olib borgan.

– Shu o‘rinda O‘zbekistonning o‘tgan yili ijtimoiy himoya strategiyasini qabul qilganligini ta’kidlash joiz, – deydi Xalqaro mehnat tashkilotining ijtimoiy himoya loyihalari bo‘yicha koordinatori Nilufar Kamolova. – Bu strategiyada ijtimoiy himoyaning har bir yo‘nalishi bo‘yicha uzoq va yaqin muddatli maqsadlar belgilangan. Ishonchimiz komilki, 2030 yilga qadar Xalqaro mehnat tashkilotining 102-konvensiyasi bo‘yicha ijtimoiy himoyaning to‘qqizta yo‘nalishida minimal ijtimoiy ta’minotlarga erishiladi. Bu borada keng ko‘lamdagi harakatlar olib borilayotgani quvonarli.

Darhaqiqat, ijtimoiy xizmatlarni mahalla darajasida tashkil etish muhim sanaladi. Buning uchun 2023 yil 1 iyuldan boshlab Ijtimoiy himoya milliy agentligining tuman va shaharlardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarida ijtimoiy xodimlar guruhlari tashkil etiladi. Bu guruhlar har bir xonadon ahvolini o‘rganib, oilalardagi haqiqiy holatni hamda ularning ijtimoiy xizmatlar va yordamga bo‘lgan ehtiyojini aniqlaydi. O‘rganish natijasida ularning ijtimoiy pasportlarini shakllantiradi.

– “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etilar ekan, uning nomiga e’tibor qaratdim, – deydi Yozgi paralimpiya o‘yinlari sovrindori Miran Saxatov. – Bugun O‘zbekistonda inson qadri yuqori qo‘yilmoqda. Bu markazlar nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan va yolg‘iz keksalarga xizmat ko‘rsatadi. Biz avvallari ko‘plab xizmat markazlariga murojaat qilardik. Hozir ular kompleks bo‘lib, bir sohaga – Ijtimoiy himoya milliy agentligiga yo‘naltirilmoqda. Muammolarimizning bir joyda hal bo‘lishi bizga ko‘plab qulaylik keltiradi. Bundan barcha xursand bo‘ladi.

Ehtiyojmand aholi bilan, shu jumladan, keys-menejment usulini qo‘llagan holda samarali ish tashkil qilish ko‘zda tutilgan. Bu nimani anglatadi? Ijtimoiy xodimlar guruhlari shu toifadagi aholidan ijtimoiy xizmatlar va yordam olish bo‘yicha buyurtmalar qabul qiladi. Zaruratga qarab buyurtmalarni mas’ul vazirlik va idoralarga yuboradi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzurida 2023 yil 1 oktyabrdan boshlab Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi tashkil etish belgilangan. Jamg‘armaga yo‘naltirilgan mablag‘lar ijtimoiy va maxsus ta’lim muassasalari faoliyatini rivojlantirish, protez-ortepediya va reabilitatsiya vositalarini xarid qilish, maxsus o‘quv, didaktik hamda boshqa muqobil materiallarni xarid qilish kabi 55 ta yo‘nalishga sarflanadi.

Xalqaro mehnat tashkiloti, BMTning bolalar jamg‘armasi (YUNISEF), Jahon banki O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tuzilganligini olqishladi.

Bu xalqaro maydonda O‘zbekistonning alohida shaxslar va oilalarning hayotlari davomida kambag‘allik, zaiflik, ijtimoiy cheklanishini kamaytirish hamda oldini olishga qaratilgan milliy strategiyasi ekanligi ta’kidlanmoqda.

Ikrom AVVALBOEV, 
O‘zA muxbiri.