Joriy yilning 11 aprelida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar asosida yoshlar ijtimoiy holati, qobiliyati va qiziqishlariga qarab 3 toifaga ajratilib, “qizil” toifadagi yoshlar mas’ul rahbarlarga shaxsan biriktirib berilgan edi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumani “Jayhun” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi aka-uka Qutlimuratovlar migratsiyadan qaytarilgan yoshlar qatorida bo‘lib, ularning bandligini ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi boshlig‘iga biriktirildi.

Boshqarma boshlig‘i I.Kazakovning o‘ziga biriktirilgan maxsus toifadagi yoshlarning qiziqishlari va qobiliyatlarini aniqlash maqsadida ular bilan o‘tkazgan ochiq suhbati davomida ular qo‘lidan ustachilik ishlari kelishini, lekin buning uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalari yo‘qligini aytib murojaat qilgan edi.

Bugun ushbu yoshlarga o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yib, daromad topishlari uchun mas’ul bojxonachilar tomonidan zarur asbob uskunalar sovg‘a qilindi. Ushbu navqiron yigitlar uchun bu harakat katta turtki bo‘lib, kelajakda bor hunar va mahoratini ishga solib, o‘zlarining bandligini ta’minlaydi.

Dovud Abibullayev, O‘za muxbiri