O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 9-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va joriy yil 23-martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori banklar faoliyatini bugungi kun talabi darajasida tashkil etishda keng imkoniyatlar yaratmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq bankida ommaviy axborot vositalarining bank mavzuini yoritadigan jurnalistlari malakasini oshirishga qaratilgan seminar mazkur hujjatlar ijrosiga bag‘ishlandi.

O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbir yangi iqtisodiy sharoitda mamlakatimiz bank tizimi oldiga qo‘yilgan vazifalar, pul-kredit siyosatining olib borilishi, valyuta bozorini erkinlashtirish, bank tizimining rivojlanish tendensiyalari kabi masalalar mazmun-mohiyati haqida bilim va tushuncha berishga qaratildi.

– Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda tijorat banklarining funksional vazifalari, Xalq banki faoliyatining asosiy maqsadlari haqida qiziqarli ma’ruzalar tingladik, – dedi “Qishloq hayoti” gazetasi muxbiri Dilorom Komiljonova. – Masalan, Markaziy bank vakolatlari va faoliyatining asosiy prinsiplari hamda Xalq bankining Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida aholi ishonchini mustahkamlash uchun zamonaviy bank xizmatlarini ko‘rsatish borasida ijobiy ishlarni amalga oshirib kelayotgani haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldik.

Qayd etilganidek, Xalq banki tomonidan keyingi yillarda “Internet banking” va “Mobil banking” tizimlari joriy etilgani moliya muassasasi faoliyati samaradorligini oshirish bilan birga, mijoz uchun ham qo‘shimcha qulaylik yaratmoqda. Misol uchun, mijoz o‘z hisobvarag‘i bo‘yicha amallarni bankka bormasdan, xohlagan joyda turib, istagan vaqtda internet orqali bajarishi, ya’ni hisobvarag‘idagi mablag‘larni o‘tkazish, ularning holati, mablag‘ning kelib tushishi, to‘lovlarning aks etishiga doir ma’lumotlarni olishi mumkin. Shuningdek, mazkur bank zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llab-quvatlash hamda mijozlarga keng ko‘lamdagi xizmatlarni taqdim etish maqsadida jismoniy shaxslar uchun “Xalq Mobile” mobil banking ilovasini ishlab chiqqan.

Ishtirokchilar mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollargajavob oldi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA